O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri SHHT mamlakatlari TIV rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 15 iyul kuni Xitoy tomoni raisligida Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov, Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleo‘, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi aʼzosi, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Van I, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muhammad Isʼhaq Dar, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirodjiddin Muhriddin, shuningdek, SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekboyev va SHHTning Mintaqaviy terrorizmga qarshi tuzilmasi (RATS) Ijroiya qo‘mitasi direktori Ulug‘bek Sharsheyev ishtirok etdi.
Yig‘ilish chog‘ida SHHTga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va yangilanayotgan sharoitdagi xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik holati va istiqbollari, shuningdek, Tashkilot faoliyatini takomillashtirishga oid muhim masalalar muhokama etildi.
Alohida eʼtibor joriy yil kuzida Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHT davlat rahbarlari kengashi majlisiga tayyorgarlik masalalariga qaratildi. Yig‘ilishda Tyanszin deklaratsiyasi, yetakchilarning mavzuviy bayonotlari, shuningdek, boshqa hujjatlar va qarorlar loyihalari asos sifatida qabul qilindi.
Shuningdek, SHHT Bosh kotibining Kotibiyat faoliyati bo‘yicha hisoboti tasdiqlandi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekboyev va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I ishtirokida qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazildi.