O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Ashxabodda «Markaziy Osiyo – YEI» uchrashuvida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ashxabodda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi»ning 20-chi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘zining Telegram-kanalida ushbu uchrashuv mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – YEI» sammitiga tayyorgarlik, shuningdek, qo‘shma mintaqaviy dasturlar va loyihalarni amaliy tatbiq etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Tadbir yakunida Mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.