Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 15/12/2024 O‘zbekiston – Slovakiya: hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat

O‘zbekiston – Slovakiya: hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 14-dekabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Viktor Boretskiy bilan uchrashdi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralar o‘zaro savdo hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlandi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi va agro-sanoat kompleksi, avtomobil va mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari hamda turizm kabi sohalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumot uchun: O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 83 foizga oshdi. O‘zbekistonda Slovakiya investorlari ishtirokida 20 ta kompaniya axborot texnologiyalari, ta’lim, qurilish, logistika, metallurgiya va tibbiy uskunalar ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya ishini qayta tiklashga va uning navbatdagi yig‘ilishini 2025-yilning ikkinchi choragida o‘tkazishga kelishib oldilar. Shuningdek, HK doirasida ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.

Shuningdek, ikki mamlakat investitsiya salohiyatini o‘rganish va hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ishbilarmon doiralari biznes-missiyalarini tashkil qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro tashriflar natijadorligini oshirish uchun delegatsiyalarga har tomonlama yordamlashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga sobit qolishini tasdiqlab, muhokama qilingan loyihalar va tashabbuslarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun hamkorlik mexanizmini ishlab chiqdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling