Valyuta kurslari 06/05/2025
$1 – 12938.01
UZS – 0,18%
€1 – 14673.00
UZS – 0,09%
₽1 – 158.73
UZS – 1,47%
Qidirish
Iqtisod 06/05/2025 O‘zbekiston sanoati 2017–2024 yillar davomida 1,5 barobarga o‘sdi — MHTI tadqiqoti

O‘zbekiston sanoati 2017–2024 yillar davomida 1,5 barobarga o‘sdi — MHTI tadqiqoti

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2017-2024 yillarda sanoat rivojlanishining asosiy tendensiyalari tahlil qilindi.

2017-2024 yillarda sanoatdagi o‘sish tendensiyalari ishlab chiqarish tuzilmalarini keng ko‘lamda isloh qilish sharoitida shakllandi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish har yili o‘rtacha 6,2 foizga, umuman, tahlil qilingan davrda esa 1,5 barobardan ko‘proqqa o‘sdi. Bu sanoatning iqtisodiy o‘sish “drayveri” sifatidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini berdi. Sanoatning YAIM tarkibidagi ulushi 2017-yildagi 22,2 foizdan 2024-yilda 26,4 foizgacha oshdi.

Ushbu rivojlanish davrining o‘ziga xos xususiyati ishlab chiqarish tarmoqlarining faol o‘sishi hisobiga sanoatning xomashyo tuzilmasidan yana-da diversifikatsiyalangan tuzilmasiga o‘tish bo‘ldi. Ishlab chiqarish sanoati 2017-yil darajasiga nisbatan 1,6 barobar o‘sdi va sanoat umumiy hajmining 85 foizidan ortig‘ini tashkil etdi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yaxshi o‘sish ko‘rsatkichlaridan biridir.

Ishlab chiqarish tarmoqlarini ustuvor rivojlantirishga qaratilgan siyosat bozorda tarmoq “yetakchilari”ning shakllanishida yordam berdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, avtotransport vositalari va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish 2,9 barobar, to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechaklarni ishlab chiqarish 2 barobar, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,5 barobar oshdi. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga o‘tish hisobiga metallurgiya tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar, qurilish materiallari sanoatida 1,7 barobar oshdi.

MHTI mutaxassislari tomonidan Sanoat mahsulotlari Eksport diversifikatsiyasi indeksi (DI) hisoblab chiqildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ishlab chiqarish tarmoqlarining rivojlanishi tor ixtisoslashuvdan yana-da diversifikatsiyalangan mahsulotlar savati eksportiga o‘tishga katta hissa qo‘shdi.

Diversifikatsiya indeksi (DI) Xerfindal-Xirshman indeksining (HHI) teskari qiymatini ifodalaydi: DI = 10000-HHI. DI ko‘rsatkichi quyidagicha talqin qilinadi: 8000 ≤ DI ≤ 10000 - optimal diversifikatsiya; 5000 ≤ DI < 8000 - diversifikatsiyaning o‘rtacha darajasi; 2000 ≤ DI < 5000 - diversifikatsiyaning past darajasi; 0 ≤ DI < 2000 - diversifikatsiyaning mutlaqo past darajasi.

Asosiy ishlab chiqarish tarmoqlarida Eksport diversifikatsiyasi indeksi (DI) so‘nggi davrda optimal qiymatlargacha, shu jumladan to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechaklar eksportida 8 149,5 (+571,5), kimyo mahsulotlari eksportida 8 245,2 (+1 044,8) gacha oshdi. Metallurgiyada indeksning 8 657,6 (+443,3) gacha o‘sishi misni chuqur qayta ishlash mahsulotlari, shu jumladan mis simlar va quvurlar eksportining o‘sishi hisobiga taʼminlandi.

O‘sish ayniqsa, avtomobilsozlik, elektrotexnika kabi texnologik sohalarda sezilarli bo‘lmoqda. Avtomobilsozlik sanoatida avtotransport vositalari modellar qatorining kengayishi tufayli Eksport diversifikatsiyasi indeksi yuqori bo‘lgan (6 335,6 (+4 420) toifaga jadal o‘tish kuzatildi. Biroq indeksning eng yuqori ko‘rsatkichi texnologik va murakkab buyumlar assortimentining kengayishi hisobiga elektrotexnika sanoati (8 922,4 (+589,8)) da qayd etildi.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishning nisbatan diversifikatsiyalangan tarkibiga erishish O‘zbekistonga Eksportning iqtisodiy murakkablik indeksi bo‘yicha jahon reytingida o‘z o‘rnini yaxshilab, dunyodagi 145 ta mamlakat orasida 80-o‘ringa ko‘tarilish imkonini berdi.

Sanoat siyosatining o‘rta va uzoq muddatli maqsadlari barqaror ishlab chiqarish tuzilmalarini rivojlantirish, yana-da texnologik va murakkab mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish asosida muvozanatlashgan eksport savatini shakllantirishga qaratilgan. Ushbu maqsadlar "O‘zbekiston - 2030" strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlariga, jumladan, eksport hajmini 2 barobarga oshirish, texnologik sanoat mahsulotlari ulushini 32 foizga yetkazish va milliy sanoatning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish vazifalariga mos keladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling