Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Madaniyat 18/04/2025 O‘zbekiston Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik to‘g‘risida hisobot taqdim etdi

O‘zbekiston Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik to‘g‘risida hisobot taqdim etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 17 aprel kuni Parij shahridagi YUNESKOning qarorgohida Tashkilotning Ijroiya kengashi 221-sessiyasining plenar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2025 yil 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga tayyorgarlik jarayoni haqida batafsil hisobot taqdim etdi.

Hisobotda O‘zbekiston tomonidan mazkur nufuzli xalqaro forumni yuqori darajada tashkil etish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tashkiliy ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Ayniqsa, YUNESKOga aʼzo barcha davlatlarning to‘liq ishtirokini taʼminlash uchun yaratilgan qulay sharoitlar, logistika, infratuzilma va idoralararo hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ijroiya kengashi aʼzolari O‘zbekistonning sessiyaga sifatli tayyorgarlik ko‘rish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi hamda aʼzo davlatlar bilan faol hamkorlik va ularning ishtirokini taʼminlashga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.

Yig‘ilish arafasida, 2025 yil 14–15 aprel kunlari YUNESKO qarorgohida aʼzo davlatlar vakillari uchun maxsus axborot sessiyalari tashkil etildi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari tomonidan tayyorgarlikning asosiy jihatlarini qamrab olgan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi — soddalashtirilgan viza tartibi joriy etilishi, xalqaro va ichki transport xizmatlari, konferensiya zallari, mehmonxona fondi, delegatsiyalar uchun ofislar, madaniy va turizm dasturlari tayyorgarligi haqida maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, YUNESKOga aʼzo davlatlarning barcha mintaqaviy guruhlari vakillari bilan alohida maslahatlashuvlar o‘tkazilib, tashkiliy masalalar va hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi YUNESKO Kotibiyati rahbariyati va vakillari bilan qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazib, 43-sessiya doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni amaliy bajarish va keyingi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling