O‘zbekiston – Rossiya: parlamentlararo hamkorlik tahlili va istiqboldagi rejalar muhokamasi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 14-mart kuni Oliy Majlis Senatida Rossiya Federal Majlisi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Senat Raisi Tanzila Narbayeva martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, tashrif parlamentlararo munosabatlarni yangi ruhda davom ettirishdagi muhim qadam ekanini taʼkidladi.
Ikki davlat o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun qonuniy asoslarni yaratish parlamentlar oldidagi asosiy vazifalardan biridir. Ushbu uchrashuv xalqlarimiz manfaatlaridan kelib chiqadigan maqsadlarni amalga oshirish yo‘lidagi faol muloqotlar uchun qulay fursatdir, deyildi suhbatda.
Bugungi kunda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari yangi bosqich – ko‘pqirrali strategik ittifoqchilik va ishonchli hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Bunda ikki mamlakat prezidentlari belgilab bergan istiqbolli vazifalar va ularning ijrosi muhim o‘rin egallaydi.
Uchrashuvda o‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi 15 foizga o‘sib, 12 mlrd AQSH dollarini tashkil etgani aytib o‘tildi.
Muloqot chog‘ida migratsiya masalasida dolzarb vazifalar mavjudligi va bu jarayonda ikki davlat fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilishning qonuniy yechimlarini hamkorlikda topish muhimligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga O‘zbekiston – Rossiya parlamentlari aloqalarining bugungi holati tahlil qilinib, ikki davlat munosabatlarida parlamentlararo yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlab o‘tildi.
Bu borada Oliy Majlis Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Kengashi o‘rtasida qo‘shma komissiya faoliyat yuritib kelayotgani, ikki davlat parlamentlarining yuqori palatalari rahbarlari muntazam ravishda o‘tkazayotgan uchrashuvlari ishonchli hamkorlik muhitida o‘z samarasini berayotgani eʼtirof etildi.
O‘z navbatida martabali mehmon samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. – Biz O‘zbekistonni Rossiyaning 10 ta ishonchli hamkorlaridan biri deb hisoblaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan mustahkam do‘stlik va ishonchli sherikchilik siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz, dedi V. Volodin. Parlamentlarimizning izchil va samarali faoliyatidan manfaatdormiz hamda hamkorligimizni yuqori surʼatlarda davom ettirish tarafdorimiz.
Shuningdek, suhbat davomida istiqbolda o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan nazorat, qonunchilik sohasida tajriba almashish va Yoshlar parlamenti aloqalarini faollashtirish yuzasidan fikr yuritildi.
O‘zbekiston tomoni Rossiya parlamenti rahbariyati va vakillarini yaqinda Toshkentda o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi tadbirlarida faol ishtirokini mamnuniyat bilan qabul qilishini bildirdi.