Valyuta kurslari 05/02/2025
$1 – 12998.91
UZS – 0,11%
€1 – 13439.57
UZS – 1,16%
₽1 – 131.29
UZS – 1,12%
Qidirish
O‘zbekiston 24/01/2025 “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda

“O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining ajralmas qismi hisoblangan suv xo‘jaligini yanada rivojlantirish, suv resurslarini boshqarishda ilmiy yondoshish, sohaga suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtda suv resurslarini boshqarish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlar 10 ga yaqin qonun hujjatlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek 20 tadan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Ushbu hujjatlar suv munosabatlarini huquqiy tartibga solishga asos solgan bo‘lsa-da, sohadagi munosabatlarni izchil va tizimli hal etadigan, suv qonunchiligining yagona muvofiqlashtirilgan tizimini shakllantirishni yetarli darajada ta’minlay olmadi. Shundan kelib chiqib, suv va suvdan foydalanish sohasida yagona huquqiy hujjat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan Suv kodeksi loyihasida bir qator muhim normalar o‘z aksini topmoqda.

Jumladan, unda belgilanayotgan normalar suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyati oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qiladi.

Deputatlar kodeks loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas’ul organlarning vakolatlari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilash, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish, suvni iste’molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlari joriy etishga alohida ahamiyat qaratishdi.

Kodeks loyihasida suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, suv tejovchi texnologiyalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari aks etmoqda.

Majlisda ayrim normalarni maromiga yetkazish uchun Kodeks loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling