O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining GIZ bilan hamkorlikdagi TexVET Karyera loyihasining natijalari taqdim etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Germaniyaning Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) GmbH tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan yaqin hamkorlikda “O‘zbekiston kasbiy taʼlim tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonini qo‘llab-quvvatlash” (TexVET Karyera) loyihasining Integration Consulting Group tomonidan amalga oshirilayotgan bir qismining natijalarini taqdim etdi. Hamkor vazirliklar, Savdo-sanoat palatasi, mahalliy hokimiyat, xalqaro donorlar va hamkor maktablar hamda texnikumlar vakillari loyiha yutuqlarini taqdim etish va O‘zbekistonda kasbga yo‘naltirish tizimi kelajagini muhokama qilish uchun konferensiyada ishtirok etdilar.
O‘zbekiston aholisi tarkibida yoshlarning ulushi 60% dan ortiq bo‘lgan sharoitda, inson kapitalini rivojlantirish masalasi iqtisodiy o‘sish, innovatsiya, tadbirkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantiruvchi asosiy omilga aylanishi mumkin. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) maʼlumotlariga ko‘ra, samarali kasbga yo‘naltirish tizimi nafaqat yoshlarni mehnat bozori uchun tayyorlaydi, balki ijtimoiy-iqtisodiy xatarlarni kamaytiradi va umr bo‘yi daromadlarni oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov taʼkidlaganidek, “kasbiy taʼlim va malaka oshirish tizimimizni keng qamrovli isloh qilish yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini mehnat bozori talablariga moslashtirishning asosiy omilidir. Kasbga yo‘naltirish bu jarayonning markazida turadi: yoshlar o‘z vaqtida to‘g‘ri maslahat olishsa, o‘z taʼlim yo‘lini erta tanlab, kelajakda barqaror ish imkoniyatlariga ega bo‘lishadi.”
2023 yil noyabr oyida boshlangan TexVET Karyera loyihasi zamonaviy kasb tanlashga yo‘naltirish yondashuvlarini ishlab chiqdi, amaliy qo‘llanmalar va raqamli vositalarni yaratdi, o‘qituvchilar va psixologlar malakasini oshirdi, shuningdek, ishlab chiqilgan qo‘llanmalarni Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab maktablar va texnikumlarda tajriba-sinovdan o‘tkazdi.
Ushbu chora-tadbirlar maktab o‘quvchilari, texnikum talabalari va kattalar uchun kasbga yo‘naltirish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi va ularga o‘z kasblarini to‘g‘ri rejalashtirish va boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini yaratadi. Loyiha doirasida yaratilgan resurslar interfaol onlayn kurslar, dars mashg‘ulotlari va ish beruvchilar tomonidan olib boriladigan mentorlik dasturlarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, loyiha Samarqand politexnikumida Kasbga yo‘naltirish markazini tashkil etishda texnik yordam ko‘rsatmoqda. Ushbu markaz hududda yoshlarga xizmat qiladi va uning tajribasi keyinchalik boshqa viloyatlarda namuna markaz sifatida tadbiq etilishi mumkin.
Milliy hamkorlar bilan birgalikda loyiha o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha treninglarni o‘tkazdi, kasbga yo‘naltirish qo‘llanmalarini tajriba-sinovdan o‘tkazdi va yoshlarga o‘z kuchli tomonlarini aniqlash, ishga joylashish imkoniyatlarini tushunish hamda kelajak soha va kasbni ongli tanlashda yordam berdi. Besh hududdagi dasturlar soha tanlovlari, sohalar bo‘yicha seminarlar, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar, ishga tayyorlov amaliyotlari va targ‘ibot kampaniyalarini o‘z ichiga oldi. Ularda jami 496 nafar maktab o‘quvchisi, 288 nafar texnikum talabalari, 263 nafar o‘qituvchilar hamda 366 nafar jamoatchilik va biznes vakillari qamrab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Xilola Umarova taʼkidlaganidek, “loyiha ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda sakkizta amaliy qo‘llanma, uchta raqamli kurs va o‘n uchta genderga sezgir kasbga yo‘naltirish choralarini ishlab chiqishdi. TexVET Karyera loyihasi O‘zbekistonda kasbiy yo‘naltirish va taʼlim sohasida tizimli yondashuvni shakllantirishda muhim rol o‘ynadi, umumiy o‘rta maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari uchun kasb tanlash imkoniyatlarini o‘rganish va kelajak hayotga tayyorgarlik ko‘rish uchun yangi yo‘llarni ochdi.”
Ish beruvchilarning hamkorligi loyihani amalga oshirish yondashuvining asosiy poydevori bo‘lganligi sababli, loyiha xususiy sektor va maktablar o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Safia, BYD Megawatt, Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chikaruvchilar assotsiatsiyasi, Coca-Cola Uzbekistan, Samarkand Apparel, Teamdress, Global Textile MCHJ va Denta Fill Farmatsevtika Kompaniyasi kabi muvaffaqiyatli kompaniyalar o‘quv muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolab, kasb tanlashda yo‘naltirish ishlarini qo‘llab-quvvatladilar. Umuman olganda, loyiha doirasida maktablar va 25 ta xususiy kompaniya o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘lindi.
“TexVET Karyera loyihasi hukumatning taʼlim tizimini isloh qilish bo‘yicha saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan,” — deydi GIZning “O‘zbekiston kasbiy taʼlim tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonini qo‘llab-quvvatlashd” loyihasi rahbari Matias Klingenberg. “O‘zbekiston iqtisodiyoti resurslarga asoslangan sohalardan xizmat ko‘rsatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yashil energetika va qiymat qo‘shilgan ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarga o‘tish sari dadil qadam tashlamoqda. TexVET Karyera loyihasi O‘zbekiston hamkorlariga yangicha islohotlarni boshqarish va amalga oshirishda ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilgan edi. Biz O‘zbekiston yoshlari hamda mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojiga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lganimizdan faxrlanamiz.”
Tadbirda GIZ vakillari, tegishli vazirliklar va asosiy hamkorlar erishilgan yutuqlarni nishonlab, milliy egalik va doimiy institutsional rivojlanish orqali ularni saqlab qolishga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqladilar. Loyiha natijalari O‘zbekistonning inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli dasturlariga hamda bilimga asoslangan va innovatsiyaga yo‘naltirilgan iqtisodiyot sari o‘tish jarayoniga salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.