Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
O‘zbekiston 23/04/2025 O‘zbekiston qiynoqlarga qarshi kurashni kuchaytirmoqda: sud ekspertlari uchun xalqaro standartlar bo‘yicha treninglar

O‘zbekiston qiynoqlarga qarshi kurashni kuchaytirmoqda: sud ekspertlari uchun xalqaro standartlar bo‘yicha treninglar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Termiz shahrida 21-22 aprel kunlari "Istanbul protokoliga muvofiq qiynoq va shafqatsiz muomalani sud-tibbiy hujjatlashtirish" mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining tibbiyot mutaxassislari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining sud-tibbiy ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbirda asosiy eʼtibor mutaxassislarning Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalani samarali hujjatlashtirish bo‘yicha xalqaro standartlar haqidagi bilimlarini oshirishga qaratildi.

Trening ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining loyihalar bo‘yicha katta maslahatchisi E.Yurkovski, qamoqxonalar islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, IPPF xalqaro penitensiar jamg‘armasining MDH mamlakatlari bo‘yicha vakili A.Shambilov (Ispaniya), Istanbul protokoli bo‘yicha xalqaro ekspert, Istanbul protokolini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh aʼzosi, sud tibbiyoti professori, Tbilisi davlat tibbiyot universiteti sud tibbiyoti kafedrasi mudiri R.Beriashvili (Gruziya), shuningdek, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo viloyati filiallari rahbarlari, viloyat penitensiar muassasalari vakillari so‘zga chiqdi.

A.Saidov taʼkidlaganidek, 2020-2024 yillarda YEXHT ko‘magida qiynoq holatlarini samarali tekshirish va hujjatlashtirish bo‘yicha o‘ndan ortiq o‘quv tadbiri o‘tkazilgan. O‘z navbatida, ushbu trening BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40 yilligini nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining bir qismi hisoblanadi.

Yangi O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimini insonparvarlashtirish va inson huquqlarini mustahkamlash sohasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda, mahbuslar bilan muomala qilish sohasidagi xalqaro standartlarni faol joriy etmoqda. Mamlakatda qamoqda saqlash sharoitlarini yaxshilash va mahbuslarning huquqlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator muhim qonun hujjatlari qabul qilingan.

A.Saidov qayd etganidek, shafqatsiz muomala va qiynoqlardan xoli bo‘lish xalqaro hujjatlarda ham, milliy qonunchilikda ham mustahkamlangan asosiy huquqdir. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har qanday holatda va istisnosiz tarzda qiynoqqa solish va shafqatsiz muomalada bo‘lish qatʼiyan taqiqlangan.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilar Istanbul protokoli qoidalari bilan batafsil tanishdilar. Qiynoqlarning oldini olishga oid asosiy xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilikni o‘rgandilar.

Shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilinib, qiynoqlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro va milliy miqyosda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan turli mexanizmlar haqida zarur maʼlumotlarga ega bo‘ldilar.

Qiynoqlarga duchor bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, qiynoqlarni hujjatlashtirish va oldini olish jarayonida tibbiyot xodimlarining roli masalalariga alohida eʼtibor berildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, inson huquqlariga rioya qilish va qiynoqlarning oldini olish masalalari bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Keyingi shunday o‘quv mashg‘uloti 24-25 aprel kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling