O‘zbekiston Prezidenti YUNESKO bosh direktori bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.
BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Ko‘p qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar ta’limi masalalari bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.
Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zo bo‘ldi. Buxoro "Kreativ shaharlar tarmog‘i"ga qo‘shildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. O‘tgan yili ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.
Turon cho‘llari va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’analari, "Buxoro amiri devonxonasi arxivi", "Turkiston albomi", "Xudoybergan Devonov fotoalbomi" YUNESKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritildi.
Ta’kidlash joizki, Samarqand shahrida bo‘lajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80-yilligiga to‘g‘ri keladi.
Bosh direktor Odri Azule O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, bo‘lajak tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.