O‘zbekiston Prezidenti va Fransiya Milliy majlisi Raisi parlamentlararo almashinuvni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni Parij shahridagi Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo almashinuvni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu tashrifning tarixiy ahamiyati, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Fransiya parlamenti quyi palatasi rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, vakillik organlari rolini, xotin-qizlar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ekologik xavfsizlikni ta’minlashning kafolatlarini kuchaytirish borasidagi ishlarni yuqori baholadi.
O‘zbekiston-Fransiya parlamentlararo forumini tashkil etish va "yo‘l xaritasi" asosida do‘stlik guruhlari ishini qayta tiklash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi Milliy majlis Raisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.
#Shavkat Mirziyoyev