Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 06/12/2024 O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 483 nafar shaxs afv etildi

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 483 nafar shaxs afv etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32-yilligi munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 483 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 107 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 275 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 7 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 94 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 25 nafarini chet el fuqarolari, 32 nafarini ayol, 5 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 274 nafarini yoshlar (shulardan, 104 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 6 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarning namoyon bo‘lganligining amaliy ifodasidir.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling