Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Iqtisod 20/12/2024 O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

“Keng ko‘lamli islohotlarimizning ilk kunlaridan boshlab men bir fikrni doim ta’kidlab kelaman: tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam.

Shu bois tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi bo‘g‘ingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi bo‘lishi shart”,

- dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan ko‘proq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularni dardi bilan yashashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, aniq takliflarni o‘rtaga qo‘yib kelayotgani alohida ta’kidlandi. Natijada joriy yilning o‘zida tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.

Prezidentimiz kengash a’zolariga, ular orqali butun ishbilarmonlar hamjamiyatiga ana shunday faollik uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizda pul ko‘paygani, investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirishning mustahkam asosi yaratilgani ta’kidlandi.

Jumladan, korxonalarning banklardagi mablag‘lari 20 trillion so‘mga oshib, 107 trillion so‘mga yetdi. Aholi omonatlari ham 25 trillion so‘mga ko‘payib, 105 trillion so‘m bo‘ldi.

Bu banklarimiz barqaror rivojlanayotgani, ularga aholi va tadbirkorlarimiz ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trillion so‘mni tashkil qiladi. 2025-yilda bu 300 trillion so‘mdan oshishi hisob-kitob qilingan.

Ayniqsa, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28 foizdan 40 foizga oshirilib, 120 trillion so‘mga yetkaziladi.

Tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib banklarimiz 2025-yilda chetdan davlat kafolatisiz 6 milliard dollar jalb qilishi rejalashtirilgan.

Faktoringga keng yo‘l ochib berilgani natijasida shu yilning o‘zida 100 million dollarlik bunday xizmatlar ko‘rsatildi.

Biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temir yo‘l kabi infratuzilma obyektlarini yaxshilashga bu yil 35 trillion so‘m yo‘naltirildi. Kelgusi yil yana 43 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun elektr ishlab chiqarish 82 milliard kilovatt-soatga yetdi.

Bu yil ishga tushgan 6,3 milliard dollarlik 17 ta yirik “yashil” va yangi texnologiyaga asoslangan energiya quvvatlari hisobiga kelgusi yilda qariyb 90 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi.

Bu ishlar davom ettirilib, 2025-yilda yana 6,4 milliard dollarlik 25 ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Endi energiya sohasida ham raqobatli bozorga o‘tish vaqti kelgani qayd etildi. Hozirgi kunda yurtimizda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetdi. Ilk bor 2025-yilda elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi.

Turizm sohasida ham katta ishlar qilindi. Tadbirkorlarning 6,5 trillion so‘m sarmoyasi bilan 24 ming o‘rinli mehmonxonalar ishga tushdi.

Kelgusi yilda mehmon o‘rinlari yana 30 mingga oshadi. Tadbirkorlar bunga 10 trillion so‘m investitsiya kiritishga tayyor.

Bu yil ishga tushgan 17 ta yirik savdo va turistik maskanga qo‘shimcha yana 25 ta shunday majmua qo‘shiladi.

Bo‘stonliqda 10 milliard dollarlik “Sea Breeze” nomli yirik markaz qurilishini boshlashga kelishib olindi. Shuningdek, mamlakatimizga dunyoni nufuzli Swissôtel, Sheraton, Ritz-Carlton, Novotel, Pullman, Marriott, ibis, Mercure kabi 23 ta mehmonxona brendlari kirib kelayapti.

Savdoni rivojlantirish bo‘yicha alohida kompaniya ochilib, eksportni moliyalashtirish uchun 350 million dollar ajratildi. Natijada berilgan har 1 dollar hisobiga tadbirkorlar 6 dollarlik eksport qildi.

Kelgusi yilda bunga yana 300 million dollar berilishi belgilandi.

Tadbirkorlar bu yilda 11,5 trillion so‘mlik 3 mingta davlat mulki va 4 ming gektar yerni sotib olib, biznesini boshladi.

Kelayotgan yilda yana 4,5 mingta bino va 6 ming gektar yer tadbirkorlarga taklif qilinadi.

Uzoq yillardan beri davlat monopoliyasida bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash va saqlashga xususiy sektorni jalb qilish ishlari kengaytiriladi. Bu yil 260 kilometr yo‘llarni saqlash ishlari tadbirkorlarga berildi. Kelasi yili bu 3 ming kilometrga yetkaziladi.

“Tashabbusli byudjet” doirasida yo‘llarni ta’mirlash ishlarining 92 foizi xususiy pudratchilar tomonidan amalga oshirildi. Bu 100 foizga yetkaziladi.

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan 841 kilometr yo‘llar to‘liq mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.

Temir yo‘l sohasida raqamlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish hisobiga yuk tashish muddatlari 40 foizga qisqardi.

Muhimi, stansiyalarda yuklarni to‘lovsiz tushirish vaqti 2 soatdan 3 kunga uzaygani uchun tadbirkorlar yiliga 57 milliard so‘m tejayapti.

Aviatsiya sohasida ham xususiy sektorning roli oshib bormoqda. Bugungi kunda xususiy aviakompaniyalar soni 14 taga yetdi. Qo‘shimcha 6 ta yuk va 16 ta yo‘lovchi havo kemasi olib kelindi.

Buxoro, Namangan aeroportlari xususiy boshqaruvga berildi, Andijon va Urganch aeroportlari bo‘yicha tender davom etayapti.

Prezidentimiz mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishini ta’kidladi.

Jumladan, hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun byudjet tushumlari qanchalik zarur bo‘lmasin, asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi.

Shuningdek, 1-yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz solig‘i (10 foiz) bekor qilinadi.

Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer solig‘ini hisoblash to‘xtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5-yilga ozod etiladi.

Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytiriladi.

Xususiy maktab va bog‘chalar, xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030-yilgacha amal qiladi.

Umuman, murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, iqtisodiyotimiz 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan ko‘paygani ta’kidlandi.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasiga 38 milliard dollar investitsiya kirdi, eksport 26 milliard dollardan oshdi.

Ochiq muloqotda ko‘p tadbirkorlar o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, ehtiyojmand odamlarni ishli qilishga tayyor ekanligini bildirgan edi.

O‘tgan qisqa vaqt ichida tadbirkorlar 387 ming kambag‘al oila a’zolari va 40 ming nogironligi bor odamlarni daromadli qildi.

Mamlakatimizda kambag‘allik darajasi yil yakuni bilan 9 foizdan pasayadi.

“Aminmanki, o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligimizni shu sur’atda davom ettirsak, kelgusi yillarda bu ko‘rsatkichni bemalol 6 foizga tushiramiz.

Shu o‘rinda, va’dasini ustidan chiqib, yangi quvvatlar hisobiga minglab ish o‘rni yaratayotgan, zamonaviy texnologiya olib kirib, yangi tashqi bozorlarni zabt etayotgan, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishiga munosib hissa qo‘shayotgan barcha tadbirkorlarimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman”, - dedi Prezident.

Kelgusi yilda marrani katta olib, yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga, eksportni 30 milliardga yetkazish, investitsiyani 42 milliarddan oshirish, 5 million aholini band qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish reja qilinmoqda.

Shu yilning o‘zida xususiy sektorda daromad solig‘i to‘lovchilar soni 365 mingga ko‘paydi. Keyingi vazifa – ularning daromadini ko‘paytirib, munosib hayot kechirishi uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat.

Lekin xususiy sektordagi ishchilarning 30 foizida rasmiy oylik 1 million so‘mdan kam qilib ko‘rsatilgan. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb ekani ta’kidlandi. Bu asosan to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchrayapti.

Bu holatning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi.

Masalan, to‘qimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 million so‘m oylik to‘laydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan bo‘lgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.

Bunday korxonalarning foyda solig‘i ham, ishchisini daromad solig‘i ham 1 foiz bo‘ladi. Bu imtiyozga javoban ular 50 ming ehtiyojmand odamni ishga oladi.

Davlat boshqa tarmoqlar uchun ham bu yil tugaydigan imtiyozlarni mana shunday ijtimoiy mezon bilan uzaytirishga tayyor.

Yirik davlat kompaniyalari transformatsiyadan o‘tib, tashqi moliya bozoriga chiqmoqda.

Endi tadbirkorlar ham banklar beradigan kredit bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil resurs jalb qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Eng muhimi, xalqaro moliya tashkilotlari bu borada yaqindan hamkorlik qilishga tayyor turibdi.

Savdo-sanoat palatasi xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilib, tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga ko‘maklashuvchi markaz ochishi muhimligi qayd etildi.

Bu orqali kelgusi yilning o‘zida kamida 100 ta mahalliy kompaniya xalqaro moliya bozorlari bilan ishlashga o‘rgatiladi.

Mamlakatimizda 5 mingdan ziyod ishchisi bor, yillik daromadi 1 trillion so‘mdan oshgan, kamida 100 milliard so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkorlar paydo bo‘ldi.

Bu korxonalar eng ilg‘or texnologiyalar va yangicha boshqaruvni joriy etgan, o‘zlari arzon resurs olib kelayapti, kredit va soliqni o‘z vaqtida to‘layapti, muddati o‘tgan qarzi yo‘q.

Muhimi, ular har kuni yangilikka intilib, izlanishdan to‘xtamayapti. Ular ko‘p tarmoqli korporatsiyaga aylanib, yondosh sohalar rivojiga ham katta hissa qo‘shayapti.

Prezident boshqa salohiyatli tadbirkorlarni ham qo‘llab-quvvatlab, “chempion” tadbirkorlarni ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.

Bunday tadbirkorlarga yer va binoni to‘g‘ridan to‘g‘ri berish, davlat korxonalarini ham uzoq muddatga boshqaruvga topshirish, harbiy sanoat, dronlar ishlab chiqarish, IT va sun’iy intellektni keng rivojlantirishda ular bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkinligi qayd etildi.

Dunyodagi 10 ta eng boy kompaniyaning 7 tasi IT va fintex sohalaridan chiqqan. Aholimizning 56 foizi yoshlar. Prezident ta’kidlaganidek, shu raqamlarni o‘zi sohada katta salohiyat, ish o‘rni, yuqori daromad yotganini ko‘rsatadi.

IT, fintex, innovatsiyalar, telekommunikatsiya kabi sohalarni xususiy korxonalar tez rivojlantirishi, yaratilgan sharoit tufayli qiymati 1 milliard dollardan oshgan “TBC Uzbekistan” va “Uzum” xususiy kompaniyalari paydo bo‘lgani bunga yaqqol misol ekani ta’kidlandi.

Bunday kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.

Xususan, ularga rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlari, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi.

IT, fintex, tadbirkorlikni moliyalashtirish, eksport, turizm, xizmatlar, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha Jamoatchilik kengashida ekspertlik guruhlarini tashkil qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oxirgi 3-yilda Bojxona kodeksining 100 dan ortiq moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Lekin uning qoidalari ham Jahon savdo tashkiloti, ham tadbirkorlarning talabiga mos emas. Shu munosabat bilan har tomonlama yangilangan Bojxona kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda ichki bozor bilan cheklanmasdan, eksportni yanada ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Salohiyati yuqori bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat kabi sohalarda imkoniyatlar to‘liq ishlatilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 50 foiz bo‘lsa, xom ipakda – 75 foiz, misda – 64 foiz, meva-sabzavotda esa 16 foizni tashkil qilmoqda.

Mamlakatimizdagi 1 mingga yaqin konlarda 100 dan ortiq turdagi mineral xomashyo bazasi mavjud. Tasdiqlangan zaxiralar qariyb 1 trillion dollarga baholangan.

Yildan yilga qazib olish ko‘paymoqda. Lekin sanoatda yuqori texnologik ishlab chiqarish ulushi 25 foiz.

Shu bois Prezidentimiz xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymat va eksportni keskin oshirishga chaqirdi.

Mutasaddilarga tarmoqlar bilan birgalikda har bir xomashyo kesimida chuqur qayta ishlash va yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Tadbirkorlar meva-sabzavotni asosan tomorqadan olayotgani uchun eksportga bir turdagi mahsulotni uzluksiz va sifatli yetkazib berishga qiynalmoqda. Shuning hisobiga eksportdan tushum ham past.

Kelgusi yilda 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilish uchun barcha imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

Shu bois, 1 million gektar meva-sabzavot yerlari 760 ta urug‘ beruvchi va 824 ta eksportchi korxonaga bog‘landi.

Shuningdek, Toshkent viloyati va Namanganda yangi tajriba boshlanmoqda. Bunda paxta-g‘alladan qisqaradigan yerlar 50 gektargacha yirik lotlarda auksionga qo‘yilib, sanoatlashgan plantatsiya qilish uchun professional investorlarga sotiladi.

Bu yerlardagi 20 sotixgacha maydonda “shok” usulida muzlatkich, kalibrovka va qadoqlash sexlari qurishga ruxsat beriladi.

Yetishtirilgan meva-sabzavotni qayta ishlash uchun xarid qilingan uskunalarga 1 milliard so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Prezidentimiz so‘zining yakunida barcha tadbirkorlarga murojaat qildi:

“Bir fikrni doimo esda tutishlaringizni istar edim. O‘zbekistonda tadbirkorlik harakati orqaga qaytarib bo‘lmaydigan katta kuchga aylandi.

Biz davlat miqyosida qanday katta maqsad va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘ymaylik, ularni amalga oshirishda butun xalqimiz bilan birga avvalo sizlarga tayanamiz.

Sizlarni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida hal qiluvchi kuch, deb bilamiz.

Tadbirkorlarimiz qancha boy bo‘lsa, xalqimiz shuncha farovon yashaydi, davlatimiz shuncha qudratli bo‘ladi. Tadbirkorning yutug‘i – bu butun xalqimizning yutug‘i”.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning ezgu maqsad bilan ilgari suradigan har qanday g‘oya va tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida ular ham jamiyatimizning eng ilg‘or vakillari bo‘lib, islohotlarimizni yanada ilgari surishda tayanch va suyanch bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari tinglandi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling