Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Orlean shahrida sodir bo‘lgan terrorchilik akti natijasida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Baydenga hamdardlik yo‘lladi.
O‘zbekiston xalqi nomidan Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirib, barcha jabrlanuvchilarga tezroq sog‘ayishlarini tiladi hamda AQSHga bu og‘ir paytda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
2025-yil 1-yanvar kuni AQSHning Luiziana shtatidagi eng yirik shaharlardan biri bo‘lgan Yangi Orleanda tragediya sodir bo‘ldi. AQSH markaziy vaqti bilan taxminan soat 3:15 da Burbon va Kanal ko‘chalari chorrahasida pikap Yangi yilni nishonlayotgan odamlar guruhini bosib o‘tdi. Shundan so‘ng haydovchi mashinani tark etib, miltiqdan o‘t ochdi. Natijada 15 kishi, jumladan gumonlanuvchining o‘zi halok bo‘ldi, 45 nafar odam, shu jumladan ikki politsiya xodimi jarohat oldi.
AQSHning Federal tergov byurosi (FBR) gumonlanuvchining shaxsini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, u AQSH armiyasida xizmat qilgan veteran bo‘lgan. Tergov davomida gumonlanuvchi hujumdan oldin shaharning turli hududlariga ikki portlovchi qurilma qo‘ygani ham aniqlandi.
#Shavkat Mirziyoyev