Valyuta kurslari 06/03/2025
$1 – 12900.37
UZS – -0,02%
€1 – 13818.88
UZS – 1,89%
₽1 – 143.80
UZS – -0,47%
Qidirish
O‘zbekiston 05/03/2025 O‘zbekiston Prezidenti Gruziya bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini qayd etdi

O‘zbekiston Prezidenti Gruziya bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini qayd etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi ko‘paydi. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda. Gumanitar yo‘nalishda o‘tgan yili Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Suhbatda shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishining yakunlari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb qilish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Raqamlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sheriklik va almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida kelgusida O‘zbekiston va Gruziya hukumatlari darajasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling