Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.
Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilmoqda.
O‘zbekistonda ilk bor Andijon va Farg‘onada 300 megavattli yirik saqlash tizimi barpo etildi.
Shuningdek, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.
Xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni izchil davom ettirish yo‘lidagi yangi sahifa sifatida Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.
Bugun ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi.
Eng muhimi – 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi.
Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi.
Umuman olganda, kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu – 2016-yilga nisbatan 25 milliard kilovatt-soat yoki 1,5 barobar ko‘p deganidir.
Bu loyihalar ishonchli hamkorlarimiz bo‘lgan “Masdar”, “Akva Pauer”, “Aksa enerji”, Xitoy va Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan amalga oshirilmoqda.
“Ularning barchasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bu bizga va olib borilayotgan islohotlarimizga bo‘lgan ishonchning yaqqol ifodasidir”, - dedi Prezident.
Shu munosabat bilan tadbirda shaxsan va videoaloqa orqali qatnashayotgan Birlashgan Arab Amirliklari sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri – “Masdar” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sulton Al-Jobir, energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy, Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayraktar, “Akva Pauer” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan, “AKSA Enerji” kompaniyasi boshqaruvi raisi Jamil Kazanchi, Xitoyning “Chayna Enerji”, “Chayna Datang”, Germaniyaning “Xayper partners” kompaniyalari vakillariga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirildi.
Shuningdek, ushbu loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy va texnik ko‘mak bergan Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon bankiga alohida tashakkur aytildi.
Bugungi loyihalar bundan 8-yil avval energetika sohasida boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi ekani ta’kidlandi.
Ushbu davr mobaynida O‘zbekiston “yashil energetika”da katta-katta qadamlarni qo‘ydi.
Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida o‘tgan 5-yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.
Avval to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan bu tizimda 24 ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi subyektlar paydo bo‘ldi.
“Yashil energetika” sohasida bugunga kelib 3,5 ming megavattli yoki 10 milliard kilovatt soatga teng 16 ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirildi.
Buning hisobiga 2024-yilda “yashil energiya” ulushi 16 foizdan oshirildi. Ya’ni, o‘tgan qisqa davrda ekologik toza energiya quvvatlarini yiliga 2-3 karra ko‘paytirishga erishildi.
O‘tgan yilda mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollarlik tarixiy marrani zabt etdi.
Keyingi qadam sifatida 2030-yilga borib iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.
O‘z navbatida, kelgusi 5-yilda yurtimizda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj hozirgidan 1,5 barobar oshib, 120 milliard kilovatt soatga yetadi.
O‘zbekiston Parij bitimi doirasida 2030-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha majburiyat olgan. Prezident bu majburiyatni 2050-yilgacha yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Qolaversa, 2025-yil O‘zbekistonda “Atrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi.
Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha rejalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
2030-yilga qadar yana 19 ming megavatt “yashil quvvat”larni barpo etib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Xususan, 2025-yilda 3,4 ming megavattli 18 ta quyosh va shamol stansiyalari hamda 1,8 ming megavattli saqlash tizimlari ishga tushiriladi.
Buning natijasida kelgusi yili “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmlari 12 milliard kilovatt soatga yetadi.
Bu 5 million xonadonning bir yillik iste’moliga teng va 6,5 million tonna zararli gazlarni atmosferaga chiqarishning oldi olinadi, deganidir.
Kelgusi 2-yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro-GESlar tashkil qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi.
Bundan keyin ham sohaga xususiy sektor kirib kelishini rag‘batlantirib, elektr energiyasi bozorini tashkil etish bo‘yicha katta qadamlarni qo‘yilishi ta’kidlandi.
Xususan, kelgusi yil yakuniga qadar raqobatli savdolar orqali elektr energiyasi ulgurji bozori yaratiladi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik nafaqat yirik elektr stansiyalarida, balki sohaning boshqa yo‘nalishlariga ham keng joriy qilinadi.
“Yashil energetika” yo‘nalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlik kengaytiriladi.
Bu borada birinchi amaliy qadam sifatida COP29 doirasida Qozog‘iston, Ozarbayjon va Saudiyalik hamkorlar bilan “yashil energiya”ni Yevropa mintaqasiga eksport qilish bo‘yicha ilk bitim imzolandi.
Mintaqaviy energiya tizimi barqarorligini ta’minlash maqsadida qo‘shni davlatlar bilan yagona platforma ishga tushiriladi.
“Yashil energetika” boshqa soha va tarmoqlar jadal rivoji, aholi turmush darajasi yaxshilanishi uchun yangi drayverga aylanmoqda. Xususan, aholi va mahalliy tadbirkorlar sohaga katta qiziqish bildirmoqda.
Bunday korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida hududlarni rivojlantirish dasturlarida “yashil loyiha”lar ulushini kelgusi 5-yilda 5 barobarga oshiriladi.
Bu borada texnikumlarda sanoat korxonalari bilan dual ta’lim tizimi, 5 ta oliygohda ilg‘or muhandislik maktablari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, energetika, metallurgiya, kimyo, elektrotexnika sohalarida nufuzli kompaniyalar bilan birga izlanish va rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi.
“Barchangizga ishontirib aytmoqchiman: Yangi O‘zbekiston – investitsiyalarni har tomonlama kafolatlaydigan, sizlarning barcha loyiha va tashabbuslaringizni to‘la qo‘llab-quvvatlaydigan, xorijiy hamkorlarimiz manfaatlarini himoya qiladigan dunyoga ochiq mamlakatdir”, - dedi Prezident so‘zining yakunida.
Davlatimiz rahbari ramziy dastakni bosib, yakunlangan obyektlarni ishga tushirdi va yangi loyihalar qurilishiga start berdi.
#Shavkat Mirziyoyev