Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
Soliq sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Davlat soliq xizmatiga tashrif buyurdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Ozarbayjonning soliq ma’muriyatchiligi va soliqqa tortish sohasidagi tajribasini o‘rganish.
Har ikki tomon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yanada yuqori darajaga ko‘tarilayotganligi va ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar chuqurlashib borayotganligini e’tirof etdi.
Uchrashuvlarda keng qamrovli masalalar muhokama qilindi, jumladan “yashirin iqtisodiyot” darajasini pasaytirish vositalari, soliq qonunchiligini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari.
O‘zbekiston tomoni Ozarbayjon Respublikasi qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligi sohasidagi tajribasiga alohida qiziqish bildirdi. Uch kunlik uchrashuvlar davomida Soliq qo‘mitasi vakillari QQS depozit hisobraqamni yuritish mexanizmi, QQSni qaytarish tizimi va ushbu jihatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan tanishadi.
Uchrashuv yakunida, bunday ishchi aloqalar va tajriba almashinuvi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga hamda har ikki davlatda samarali soliq boshqaruvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha umumiy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.