Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi delegatsiya Vengriyaga tashrif doirasida Vengriya Xalq salomatligi va farmatsevtika milliy markazi (NNGYK) rahbari Doktor Sesiliya Myuller bilan uchrashdi.
Uchrashuvda farmatsevtika sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Vengriya farmatsevtika sanoati uyushmalari bilan mamlakatimizda ilg‘or tajribaga asoslangan holda yangi texnologiyalar transferini yaratish, mutaxassislar malakasini oshirish, biologik faol qo‘shimchalarni tartibga solish bo‘yicha milliy tizimni takomillashtirishda yaqin hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
NNGYK — Vengriya Xalq salomatligi va farmatsevtika milliy markazi jamoat salomatligini muhofaza qilish, dori vositalari xavfsizligini ta’minlash va ilmiy tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan Yevropa miqyosidagi ilg‘or markazlardan biri hisoblanadi. U dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida baholash hamda epidemiologik tahlillar o‘tkazish orqali sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Tashrifda vakillarimiz markazning ilg‘or laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, ularning ish jarayonlari, texnologik yechimlari hamda malakali kadrlar tayyorlash dasturlari yuzasidan ma’lumotga ega bo‘lishdi.