Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy bankida UnionPay xalqaro to‘lov tizimi vitse-prezidenti Lyu Heng boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar UnionPay’ning mamlakatdagi hozirgi faoliyati, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalarni muhokama qildilar.
UnionPay delegatsiyasi mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish, jumladan, onlayn to‘lov tizimlarini rivojlantirish, QR kodlardan foydalanishni kengaytirish va mahalliy banklar bilan integratsiyani chuqurlashtirish kabi innovatsion xizmatlarni joriy etish bo‘yicha rejalari bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning rivojlanayotgani va har ikki mamlakatning turistik salohiyatini inobatga olgan holda, tomonlar iste’molchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida milliy to‘lov tizimlari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning to‘lov infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi.