O‘zbekiston Markaziy banki Bazel III standartlari asosida banklar kapitaliga yangi talablarni tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 21 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaziy bank Boshqaruvining №2693-13-sonli qarorini rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi. Mazkur hujjat tijorat banklarining kapital yetarliligiga oid talablarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Qaror moliya bozorining barqarorligini taʼminlash va milliy normativlarni xalqaro Bazel III standartlari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Yangi normalarga ko‘ra:
Bank kapitali tarkibidagi 1-darajali qo‘shimcha kapital (AT1) hisobida endilikda nekumulyativ va doimiy moliyaviy instrumentlarni kapital sifatida qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bunda ularga qo‘yiladigan talablar xalqaro amaliyotga moslashtiriladi.
2025 yil 1 iyundan boshlab, kichik tadbirkorlik subyektlariga berilgan kreditlar uchun, agar kreditning qoldig‘i bankning regulyativ kapitalining 0,2%idan oshmasa va umumiy summasi 15 mlrd so‘mdan kam bo‘lsa, bunday kreditlar uchun tavakkalchilik darajasi 75% etib belgilanadi.
Markaziy bank taʼkidlashicha, ushbu o‘zgarishlar banklar barqarorligini oshirish, kichik biznesni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakat iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shishni ko‘zlaydi. Shunday qilib, tadbirkorlar uchun moliyaviy resurslarga yetishimni yengillashtirish hamda sog‘lom bank tizimini rivojlantirish maqsad qilingan.