Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligida ISSV huzuridagi Tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Tarif va notarif tartibga solish kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4135-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Kengash yig‘ilishini o‘tkazishdan asosiy maqsad – mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni himoya qilish hamda respublikada yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga qaratilgan takliflarni ko‘rib chiqishdir.
Yig‘ilish kun tartibida Kengash a’zolari tomonidan elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi texnikasi, metallurgiya, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importi uchun bojxona toʻlovlari stavkalarini ichki bozorning barcha ishtirokchilariga taʼsirini hisobga olgan holda optimallashtirish imkoniyatlarini har tomonlama koʻrib chiqdilar.
Mahalliy sanoat korxonalarini jadal rivojlantirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida ularni zarur butlovchi qismlar, xomashyo va materiallar bilan ta’minlash jarayonida savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish bo‘yicha ham qarorlar qabul qilindi.
Eksport va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olish bilan bog‘liq muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Kengash yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha kun tartibiga muvofiq muhokama qilingan masalalar doirasida amaliy takliflar ishlab chiqish va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qildi.