Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Kanada, Braziliya va Amerika qit’asining boshqa davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish niyatida.
Bu rejalar 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasida aks etgan bo‘lib, hozirda muhokama uchun taqdim etilgan.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonning Kanadada Bosh konsulligini ochish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Kanada, Braziliya va Kuba bilan siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish nazarda tutilgan.
Loyiha doirasida Kanada, Braziliya, Argentina va boshqa davlatlar kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiy tadbirlarni tashkil etish rejasi mavjud.
Bundan tashqari, Kuba bilan sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi rivojlangan Lotin Amerikasi davlatlarining sohaviy vazirliklari va davlat organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashishni ham rejalashtirmoqda.