O‘zbekiston jahon baxt reytingida 53-o‘rinni egalladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oksford universiteti Hotirjamlik tadqiqotlari markazi va Gellap instituti tomonidan eʼlon qilingan yangilangan jahon baxt reytingida 53-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublika Qirg‘iziston (75-o‘rin), Tojikiston (90-o‘rin) va Rossiya (66-o‘rin)dan yuqori pog‘onani egalladi.
Tadqiqot ikki asosiy ko‘rsatkichga asoslangan. Birinchi ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoning turli mamlakatlari fuqarolari o‘z hayotlarining darajasini 0 dan 10 gacha bo‘lgan shkalada baholashadi. O‘zbekistonda o‘rtacha baholash 6,2 ballni tashkil etdi. Ikkinchi ko‘rsatkich esa fuqarolarning xayriya ishlariga jalb etilganlik darajasi, begonalarga yordam berishga tayyorligi, qonunlarga rioya qilish holati, shuningdek, jamiyatdagi ijobiy va salbiy his-tuyg‘ular tahliliga asoslangan.
Jami 147 davlat qamrab olingan ushbu reytingda O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan olti pog‘ona pastlagan. Qozog‘iston 43-o‘rinni egallab, O‘zbekistondan yuqori joylashgan.
Reyting yetakchisi sifatida Finlyandiya sakkizinchi yil ketma-ket birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, eng baxtli beshta davlat qatoriga Daniya, Islandiya, Shvetsiya va Niderlandiya kirdi. Eng past baxt darajasi qayd etilgan davlatlar orasida Livan, Syerra-Leone va Afg‘oniston bor.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Finlyandiyaning yetakchi mavqei uning kuchli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi, korrupsiyaning past darajasi, aholi o‘rtasida daromadlarning teng taqsimlanishi va shaxsiy qarorlar qabul qilish erkinligi bilan bog‘liq. Shuningdek, mamlakatning tabiiy boyliklari ham aholining turmush darajasi yuqori bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.