Valyuta kurslari 18/07/2025
$1 – 12658.19
UZS – -0,79%
€1 – 14672.11
UZS – -1,0%
₽1 – 161.44
UZS – -1,16%
Qidirish
Turizm 18/07/2025 O‘zbekiston fuqarolarini kruiz sanoatida ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston fuqarolarini kruiz sanoatida ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 17-iyul kuni Turizm qo‘mitasida “Kouzon Corporation” kompaniyasi bosh direktori Zoran Kochoski bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda yurtimiz fuqarolarini, xususan turizm sohasida ta’lim olayotgan talabalar va turizm texnikumlari o‘quvchilarini xalqaro kruiz laynerlarida qonuniy mehnat faoliyatiga jalb etish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Zoran Kochoski 16 iyul kuni Samarqand shahriga tashrifi davomida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Xalqaro turizm akademiyasining Samarqand kampusiga tashrif buyurganini va ushbu ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar xalqaro standartlarga javob berishini alohida qayd etdi. Shu bois, u mazkur muassasalar bitiruvchilarini kruiz sanoatiga jalb qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi. 

Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, faqatgina talabalar emas, balki ingliz tilini biladigan 21–45 yoshdagi boshqa O‘zbekiston fuqarolarini ham ushbu sohaga jalb qilish va ularning malakasini oshirish imkoniyatlari mavjud. 

Uchrashuv chog‘ida Z. Kochoski “Kouzon Corporation” kompaniyasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda tasdiqlanadigan “yo‘l xaritasi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari vizalarni rasmiylashtirish, nomzodlarni saralash va tayyorlash, shuningdek, ularni kruiz laynerlariga ishga joylashtirish jarayonlarida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Muzokaralar yakunida Z. Kochoski joriy yilning avgust yoki sentabr oylarida Turkiyadagi kruiz laynerlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ish sharoitlari va kadrlar tayyorlash talablari bilan yaqindan tanishish maqsadida turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi ta’lim muassasalari hamda sayohat agentliklari vakillari uchun tashrif tashkil etishni taklif qildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling