Valyuta kurslari 10/01/2025
$1 – 12940.44
UZS – -0,17%
€1 – 13336.42
UZS – -0,31%
₽1 – 126.85
UZS – 2,56%
Qidirish
Iqtisod 09/01/2025 O‘zbekiston Energetika vazirligida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari operatorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Energetika vazirligida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari operatorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Energetika vazirligida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarida yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni oʻrganishga bagʻishlangan muloqot boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi boshqarma matbuot xizmati.

Energetika vaziri oʻrinbosari Umid Mamadaminov boshchiligida oʻtkazilgan mazkur uchrashuvda vazirlik xodimlari, Bosh prokuratura, “Oʻzenergoinspeksiya”, Kadastr agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Yashil energiya” MCHJ va Toshkent shahar hokimligining tegishli mutasaddilari, shuningdek, “Tok Bor”, “Megawatt Energy”, “GreenTE”, “Q.Watt”, “TezTok”, “Mustang Energy”, “Voltauto”, “EBB Charging” hamda “Spectre Energy” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot va qizgʻin bahs-munozaralarga boy tarzda kechgan ushbu anjumanda soʻnggi paytlarda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari asossiz oʻchirib qoʻyilmoqda” qabilida tarqalgan turli shov-shuv hamda mish-mishlarga oydinlik kiritib olindi. Subisteʼmolchi sifatida aholiga xizmat koʻrsatib kelayotgan kompaniyalar oʻzlari duch kelgan muammolar haqida gapirib berishdi. Tegishli mutasaddilarning bu boradagi izohlari tinglandi.

Muloqotda Energetika vazirligining 17-dekabr kuni eʼlon qilingan (https://t.me/minenergy_uz/14230) pozitsiyasi qatʼiy va oʻzgarmasligi, vazirlik quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish boʻyicha topshiriq bermaganligi hamda ekologiyamizni asrashga katta hissa qoʻshadigan elektromobillarni Oʻzbekistonda ommalashtirish tarafdori ekanligi yana bir karra taʼkidlandi. Shu bilan birga, tadbirkorlardan ham energetika sohasiga taalluqli qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartiblarga rioya qilib faoliyat yuritishlari soʻraldi.

Uchrashuv yakunida bu kabi muloqotlarni tez-tez oʻtkazib turish taklifi barcha tomonidan maʼqullandi. Tadbirkorlar va soha mutasaddilarining fikr-mulohazalari tinglanib, takliflarni oʻrganib chiqishga kelishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling