Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 06/12/2024 O‘zbekiston elchisi Pokiston mudofaa vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston elchisi Pokiston mudofaa vaziri bilan uchrashdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat chog'ida siyosiy, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni izchil davom ettirish, mintaqada barqarorlik va iqtisodiy integratsiyaga ko'maklashish borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir Xavaja Asif O'zbekiston Prezidentining mintaqada tinchlik va iqtisodiy taraqqiyotga erishish borasidagi tashabbuslarini, ilgari surayotgan yirik infratuzilmaviy loyihalarini qo'llab-quvvatlashini ta'kidlab, Toshkent mintaqaviy bog'liqlikning chinakam markaziga aylanganini qayd etdi.

Pokistonning O'zbekiston bilan strategik aloqalarni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotgani, mushtarak tarix, diniy qadriyatlar, o'xshash madaniyat va an'analar yaqin hamkorlikning mustahkam asosi ekanligiga urg'u berildi.

Transafg'on temir yo'li loyihasining amalga oshirilishi mintaqadagi o'zaro savdo va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga yangicha tus berishi, transport-logistika tizimini boyitishi, dolzarb ijtimoiy loyihalarga asos bo'lishi, aholi farovonligi oshishiga xizmat qilishi, ishtirokchi davlatlarga moddiy va strategik manfaat keltirishi e'tirof etildi.

Tomonlarning kirish vizalarini rasmiylashtirish tizimini soddalashtirgani, "Toshkent – Lahor" yo'nalishidagi havo qatnovining qayta tiklangani turli sohalardagi munosabatlarni yanada jadallashtirishga zamin yaratishi ta'kidlandi.

Uchrashuvda, shuningdek, ikki mamlakat Mudofaa vazirliklari o'rtasidagi hamkorlikning joriy holati va kun tartibidagi dolzarb masalalar, qo'shma tadbirlar jadvali ko'rib chiqildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling