Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 7-yanvar kuni O'zbekiston elchisi G'ayrat Fozilov (qarorgohi Bryussel shahrida) Valiahd Buyuk Gersogi Giyom (Vilgelm)ga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Marosim doirasida bo'lib o'tgan suhbatda Valiahd Buyuk Gersog O'zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Muloqot chog'ida, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Suhbat so'ngida Lyuksemburg Valiahd Buyuk Gersogi O'zbekiston elchisini mas'uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning ikki mamlakat o'rtasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan faoliyatini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
G'ayrat Fozilov O'zbekistonning Belgiyadagi, shuningdek, o'rindoshlik asosida Niderlandiya va Lyuksemburgdagi (qarorgohi Bryussel shahrida) elchisi, Yevropa Ittifoqi va NATO huzuridagi vakolatxonalari rahbari hisoblanadi. 2023-yil 5-dekabrda diplomatik missiyasini bajarish uchun Bryusselga yetib kelgan. Belgiyaga tayinlanishidan oldin u tashqi ishlar vazirining o'rinbosari lavozimida ishlagan.
2024-yilning 7-fevral kuni O'zbekiston elchisining Belgiya Qiroli Filippga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo'lib o'tdi, 2024-yilning 14-noyabr kuni esa diplomat Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishelga o'zining ishonch yorliqlarini topshirdi . 2024-yilning 4-dekabr kuni O'zbekiston elchisi Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandrga ishonch yorliqlarini topshirdi.