O‘zbekiston delegatsiyasining Kambodjaga tashrifi: "Better Work" dasturi doirasida tajriba almashinuvi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 26-maydan boshlab, XMT va IFC'ning “Better Work” dasturi doirasida O‘zbekistonning uch tomonlama hamkorlari — Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari Kambodja Qirolligiga tashrif buyurdi.
“Better Work Uzbekistan” dasturi 2023-yil 30-mayda imzolangan memorandum asosida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 5 hududdagi 12 korxona ro‘yxatdan o‘tib, maslahat va o‘quv xizmatlari olmoqda. Shu bilan birga, global brendlar bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Tashrif davomida Kambodja Mehnat vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi (TAF TAC), Kambodja kasaba uyushmalari kengashi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda mehnat munosabatlari, birlashish erkinligi, kasbiy ta’lim va tikuvchilik sohasidagi uch tomonlama muloqot masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya, shuningdek, Berry Apparel va Sabrina kabi xalqaro brendlar (GAP, H&M, C&A, NIKE, Primark va boshqalar) bilan ishlovchi fabrikalar faoliyati bilan tanishdi.
Kambodjada “Better Work” dasturi “Better Factories Cambodia (BFC)” nomi ostida 2001-yildan beri faoliyat yuritib, 660 dan ortiq fabrikani, 645 ming ishchini qamrab olib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirgan va gender tafovutini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Tashrif O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida xalqaro standartlarni joriy etish va global bozorda raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.