O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoydagi innovatsion loyihalar bilan tanishmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi doirasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida joylashgan “Karamay Cloud Computing Industrial Park” sanoat texnoparkiga tashrif buyurdi.
“Karamay Cloud Computing Industrial Park” — Xitoyda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadigan markazlardan biri bo‘lib, bu yerda katta ma’lumotlar tahlili va boshqa zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar jamlangan.
Tashrif davomida vazir texnoparkdagi ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik yechimlar va raqamli infratuzilmalar bilan tanishdi. Shuningdek, hududdagi innovatsion loyihalar va Xitoy kompaniyalarining davlat sektori bilan hamkorlik tajribasi muhokama qilindi.
Ushbu tashrif Xitoyning ilg‘or raqamli loyihalari tajribasini o‘rganish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.