O‘zbekiston delegatsiyasi “Velikiy kamen” industrial parkida bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari O.Ramatov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasidagi “Velikiy kamen” industrial parkiga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari H.Safarov ham o‘rin olgan.
“Velikiy kamen” industrial parki — Minsk shahridan 25 km masofada joylashgan, zamonaviy infratuzilma, sanoat meʼmorchiligi va ekologiya talablariga javob beradigan xalqaro biznes maydoni hisoblanadi. Ushbu park biznes uchun tayyor muhandislik, logistika, bojxona va maʼmuriy infratuzilma, soliq imtiyozlari hamda investitsiya muhitining samarali tashkiliy xizmatlari bilan ajralib turadi.
Tashrif doirasida park maʼmuriyati rahbariyati tomonidan delegatsiya aʼzolariga industrial parkdagi imtiyozli investitsiya siyosati, infratuzilma imkoniyatlari, qonunchilikdagi tartiblar va hududdagi rezidentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi park hududidagi yirik korxonalardan biri — “KUVO” xususiy korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu korxona yer usti transporti uchun shisha mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, mehmonlarga ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor mahsulot namunasi namoyish etildi.
Bunday tashriflar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va yuqori texnologiyali loyihalarda hamkorlik qilish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.