Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari, boshqaruv jarayonlari va Pokiston to‘qimachilik sanoatida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bilan batafsil tanishdilar.
Union Fabrics (Pvt.) Ltd. — yuqori sifatli matolar va uy to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda eksport qilishga ixtisoslashgan Pokistonning yetakchi kompaniyasidir. Union Fabrics Karachi shahridagi sanoat hududida beshta ishlab chiqarish maydoniga ega. Yillik ishlab chiqarish quvvati bir dyuymga 60 ta ip standart zichligida 40 million metrdan ortiq matoni tashkil etadi. 2024-yilda kompaniyaning yillik eksporti 700 million dollardan oshdi.
Shunindek, to‘qimachilik sohasining yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda Davron Vaxabov O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasidagi investitsiyaviy imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Xususan, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, davlat tomonidan joriy qilingan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari, malakali kadrlar va raqobatbardosh ishlab chiqarish salohiyatining mavjudligi, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga a’lohida to‘xtalib o‘tildi.
Suhbat chog‘ida to‘qimachilik sanoatida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro savdo va tajriba almashinuv hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o‘zaro hamkorligi uchun yangi ufqlarni ochib beradi.