Valyuta kurslari 18/04/2025
$1 – 12964.43
UZS – -0,23%
€1 – 14744.45
UZS – -0,12%
₽1 – 158.28
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 25/03/2025 O‘zbekiston Bosh prokuraturasi davlat byudjetiga 16 trln so‘m undirdi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi davlat byudjetiga 16 trln so‘m undirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov va Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev rahbarligida yashirin iqtisodyotni qisqartirish bo‘yicha Maxsus komissiyaning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda, Maxsus komissiya va hududiy komissiyalar aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi va Senati qo‘mita raislari hamda boshqa mutasaddi tashkilot va idoralarning masʼullari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, faoliyatda korrupsiya holatlariga barham berish hamda ularga qarshi keskin kurashish borasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar batafsil muhokama qilindi.

Xususan, o‘tgan 2024 yilda xufiyona aylanmalarga chek qo‘yish va foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga tushirish orqali byudjetga qo‘shimcha manbalarni taʼminlash maqsadida manzilli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Natijada, 747 mingdan ortiq holatda rasmiy sektorda aks etmagan aylanmalar hisobga olinib, byudjetga qo‘shimcha 15,9 trln. so‘m mablag‘ undirildi.

Tadbirkorlik subyektlarida norasmiy ishlayotgan 15 mingdan ortiq ish o‘rinlari legallashtirilib, yashirin faoliyat ko‘rsayotgan 9 mingta tadbirkor rasmiy sektorga qaytarildi.

Xufiyona iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida qariyb 2 trln. so‘m zarar undirildi.

Masʼul idoralarning hamkorlikdagi saʼy - harakatlari natijasida, o‘tgan yilda davlat byudjeti daromadlari prognozi ijrosi 274,4 trln. so‘mga yoki 101,3 foizga bajarildi, tushumlar 2023 yilga nisbatan 18,4 foizga o‘sdi.

Biroq, tahlillar yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ahvoli tubdan yaxshilanmayotganligi, masʼullar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi yetarli darajada bajarilmayotganligi oqibatida qoniqarli natijalarga erishilmaganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, soliq yukini pasaytirish, biznesni yuritishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hisobiga ularga teng raqobat sharoitini yaratish hamda iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish va byudjetga tushumlar miqdorini oshirish to‘g‘risida masʼul vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, farmatsevtika, transport, qurilish, geologiya, qishloq xo‘jaligi, turizm va bandlik kabi dolzarb sohalarda yashirin aylanmalar ulushini kamaytirish, korrupsion omillarni bartaraf qilish haqida topshiriqlar berilib, nazoratga olindi.

Tadbir so‘ngida masʼul vazirlar va idoralar rahbarlarining tushuntirish va axborotlari eshitildi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling