Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Moliya 03/11/2024 O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi baholandi

O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi baholandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi: 2024-yilning III-choragi uchun Xerfindal-Xirshman indeksi yangilandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston bank sektorida raqobat dinamikasi Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) asosida baholandi.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mavjud bozorlar raqobat darajasiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi: HHI 2500 dan 10000 gacha bo‘lsa, raqobat darajasi past, HHI 1500 dan 2500 gacha bo‘lsa, raqobat darajasi o‘rtacha, HHI 1500 dan past bo‘lsa, raqobat darajasi yuqori. 

HHI ko‘rsatkichiga ko‘ra, 2019-yilning aprel oyidan boshlab depozitlar, aktivlar va kreditlar bozorida yuqori raqobat darajasi kuzatilmoqda.

Ya’ni ushbu davrdan boshlab HHI ko‘rsatkichi 3 ta ko‘rsatkich bo‘yicha ham 1500 dan past shkalada shakllanib kelmoqda.

Aktivlar. 2024-yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra, tijorat banklar aktivlari bo‘yicha hisoblangan HHI 839 birlikni (2023-yilning mos davrida 907 birlik) tashkil etdi va o‘tgan chorakdagiga nisbatan 23 birlikka yaxshilandi. 2024-yilning III-choragida aktivlar hajmi 738,7 trln. so‘mga yetdi va II-chorak bilan taqqoslaganda 48,3 trln. so‘mga, o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 123 trln. so‘mga oshdi. 

Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning jami bank tizimi aktivlaridagi ulushi o‘tgan yilning III-choragidagiga nisbatan 2 foiz bandga oshib, 33 foizni tashkil etgan bo‘lsa, davlat ulushi mavjud bo‘lgan ikkita eng yirik bank – “O‘zmilliybank” va “O‘zsanoatqurilishbank”ning ulushi 1,8 foiz bandga kamaydi. Qolaversa, Qozog‘istonning “Yevrosiyo banki” sho‘basi ham xususiy bank sifatida faoliyatini boshladi va 1-oktyabr holatiga ko‘ra, mazkur bankning jami aktivlardagi ulushi 0,03 foizni tashkil qildi. 

Shuningdek, ushbu davrda “Poytaxtbank” Birlashgan Arab Amirliklarining “Bond Investments limited” LLC (MCHJ) tomonidan sotib olinishi natijasida xususiy banklar qatoriga qo‘shildi. Bu esa xususiy banklar va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning jami bank tizimi aktivlaridagi ulushi 0,04 foiz bandga oshishiga olib keldi.

Kreditlar. Kreditlar bozorida ham raqobat darajasi yaxshilanib, 1-oktyabr holatiga ko‘ra, HHI indeksi 943 birlikni (2023-yilning mos davrida 986 birlik) tashkil qildi. Tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 14,2 foizga oshib, 515,6 trln. so‘mga yetdi. Shundan jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi mos ravishda 22 foizga va 11 foizga oshdi. Tarmoqlar kesimida sanoat 14 foizga, qishloq xo‘jaligi 12 foizga, savdo va xizmatlar 10 foizga oshdi.

Davlat ulushi mavjud bo‘lgan top-3 ta bankning (“O‘zmilliybank”, “Agrobank”, “O‘zsanoatqurilishbank”) jami kredit portfelidagi ulushi 2024-yilning II-choragidagiga nisbatan 0,5 foiz bandga pasaydi. 

Milliy valyutada jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 1-oktyabr holatiga ko‘ra, 23,8 foizni (2023-yilning mos davrida 24,4 foiz), yuridik shaxslar uchun 22,7 foizni tashkil etdi.

Depozitlar. Depozitlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi 2024-yilning III-choragida II-chorakdagiga nisbatan 36 birlikka yaxshilanib,  657 birlikni (2023-yilning mos davrida 670 birlik) tashkil qildi. Bu esa depozitlar bozorida raqobat darajasi aktivlar va kreditlar bozoridagiga qaraganda yuqori ekanligidan dalolat beradi. Mazkur davrda xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar o‘rtasida ichki raqobat kuchayib, o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda “Ipak yo‘li banki”ning jami depozitlar hajmidagi ulushi 0,8 foiz bandga, “Anorbank” va “Ipotekabank”da 0,7 foiz bandga, “Hamkorbank” va “TBC bank”da 0,3 foiz bandga oshdi. Lekin, davlat ulushi mavjud bo‘lgan 3 ta yirik bankning jami bank tizimi depozitlaridagi ulushi 0,9 foiz bandga kamaydi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 1-oktyabr holatiga ko‘ra, mos ravishda (yillik hisobda) 22 foizni va 16,2 foizni tashkil qildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling