Valyuta kurslari 27/12/2024
$1 – 12920.48
UZS – -0,06%
€1 – 13436.01
UZS – -0,19%
₽1 – 130.17
UZS – 0,39%
Qidirish
O‘zbekiston 30/12/2024 O‘zbekiston Afg‘oniston tabiiy resurslarini o‘zlashtirishga qiziqish bildirdi

O‘zbekiston Afg‘oniston tabiiy resurslarini o‘zlashtirishga qiziqish bildirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘oniston Vazirlar Kengashi raisining ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdusalom Hanafiy O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tolibon media markazi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda siyosiy hamkorlik, iqtisodiy aloqalar va madaniy loyihalar kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Afg‘oniston tomonining bayonotiga ko‘ra, Abdusalom Hanafiy ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy va do‘stona munosabatlarni ta’kidlab, ularning mintaqa uchun ahamiyatini qayd etdi.

O‘z navbatida, Abdulla Aripov O‘zbekistonning Afg‘oniston tabiiy resurslarini o‘zlashtirish va Afg‘oniston hududi orqali boshqa mamlakatlarga tovar tranzitini ta’minlash bo‘yicha manfaatdorligini bildirdi.

Tolibon rejimi dunyo hamjamiyati, shu jumladan, O‘zbekiston tomonidan hali rasman tan olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar rivojlanishda davom etmoqda. Iqtisodiyot va savdoga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Abdusalom Hanafiyning bu tashrifi uning O‘zbekistonga ikki hafta oldingi safaridan keyin amalga oshirildi. O‘shanda u o‘zbek rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazgan va afg‘on tadbirkorlari bilan uchrashib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan edi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling