Valyuta kurslari 22/04/2025
$1 – 12909.64
UZS – -0,22%
€1 – 14908.05
UZS – 1,34%
₽1 – 159.75
UZS – 0,15%
Qidirish
Iqtisod 22/04/2025 O‘zbekiston 2025-yilning birinchi choragida 8,7 milliard dollar investitsiya jalb qildi

O‘zbekiston 2025-yilning birinchi choragida 8,7 milliard dollar investitsiya jalb qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbariga 21-aprel kuni investitsiya sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar hamda navbatdagi asosiy vazifalar bo‘yicha axborot berildi.

Davlatimizning faol tashqi siyosati va qulay ishbilarmonlik muhiti natijasida investitsiyalar hajmi izchil o‘sib bormoqda. Xususan, joriy yil birinchi chorakda 8 milliard 700 million dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foizga o‘sdi.

Bu mablag‘lar evaziga energetika, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal va ijtimoiy sohalarda ko‘plab muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Birinchi yarim yillik yakuni bilan 18 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi kutilmoqda.

Umuman, 2025-yilda 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi, 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarga har bir loyiha bo‘yicha manzilli ishlab, barcha vazirlik, hokimlik va tarmoq rahbarlarini jalb qilib, tegishli masalalarni o‘z vaqtida hal etib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Hozirgi kunda dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir investor bilan yaqindan ishlab, xorijiy sarmoyalar samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Eng asosiysi – yangi investitsiya loyihalarini tezroq ishga tushirib, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish muhimligi qayd etildi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling