O‘zbekiston 2025-yilning besh oyida oltin sotish bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — May oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston markaziy banklar orasida oltin savdosi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi.
World Gold Council (WGC) dastlabki baholariga ko‘ra, 2025-yil may oyida jahon markaziy banklari o‘z xalqaro zaxiralaridagi oltin hajmini 20,0 tonnaga oshirgan. Bu aprel oyiga nisbatan 8 tonnaga ko‘proq, biroq so‘nggi 12 oy ichidagi o‘rtacha ko‘rsatkich — 27 tonnadan pastdir.
May oyida oltin xarid qilish bo‘yicha yetakchilikni Qozog‘iston Milliy banki egallagan. Bir oy davomida Qozog‘iston 7 tonna oltin xarid qildi. Undan keyingi o‘rinlarda Turkiya va Polsha bo‘lib, har biri 6 tonnadan sof oltin xarid qilgan. Shu bilan birga, Singapur Valyuta boshqarmasi (MAS) mazkur davrda 5 tonna oltin sotgani ma’lum bo'lgan.
Polsha Milliy banki (PMB) markaziy banklar orasida oltin xarid qilish bo‘yicha yetakchi maqomini saqlab qolgan. May oyida bank o‘z oltin zaxirasiga yana 6 tonna oltin qo'shib, yil boshidan jami 67 tonna oltin xarid qilgan.
2025-yilning besh oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston jami 27 tonna oltin (shu jumladan may oyida 1 tonna) sotgan holda markaziy banklar orasida oltin sotish bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolgan.