Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Osiyo Olimpiya Kengashi (OSK) O‘zbekistonning mezbonlikdan voz kechishi munosabati bilan 2025 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlarini Bahraynda o‘tkazishni ma’qulladi.
2-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasining onlayn yig‘ilishida ma’lum qilindiki, O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi OSKga rasmiy xat yuborib, Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi qurilishi o‘z vaqtida tugallanmasligi sababli 2025-yil sentyabrida rejalashtirilgan musobaqani o‘tkaza olmasligini bildirgan.
OSK bosh direktori Husayn Al Musallamning ta’kidlashicha, 2025 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlari 2026-yilda Senegalda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar Olimpiya o‘yinlari bilan yosh cheklovlari va saralash qoidalari bo‘yicha bog‘liq, shuning uchun musobaqalarni qoldirish imkoni yo‘q.
Bahrayn Olimpiya Qo‘mitasi 2025 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlarini sport inshootlari, turar-joy va tibbiy xizmatlar jihatidan o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.
Bahrayn Olimpiya Qo‘mitasi bosh kotibi Faris Al Kuxayji Osiyo yoshlar o‘yinlari mamlakat rahbariyati, xususan, Bahrayn Olimpiya Qo‘mitasi raisi shohzoda Xalid bin Hamad Al-Xalifa tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda shuningdek, 2024-yil oktyabr oyida Bahraynda 5000 dan ziyod ishtirokchilar, jumladan, 4000 sportchi qatnashgan Xalqaro maktab sporti federatsiyasi (ISF)ning Xalqaro gimnaziadasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etildi.
OSK Ijroqo‘mi 2025 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlarini Bahraynda o‘tkazishni bir ovozdan ma’qulladi va O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasiga ko‘rsatgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston kelgusida yirik sport tadbirlarini o‘tkazish imkoniyatiga ega ekanligi qayd etildi.