Valyuta kurslari 10/01/2025
$1 – 12940.44
UZS – -0,17%
€1 – 13336.42
UZS – -0,31%
₽1 – 126.85
UZS – 2,56%
Qidirish
Iqtisod 09/01/2025 “O‘zbekgidroenergo” va CSGI “Yuqori Pskem” nasosli elektr stansiyasi qurilishini mart oyida boshlaydi

“O‘zbekgidroenergo” va CSGI “Yuqori Pskem” nasosli elektr stansiyasi qurilishini mart oyida boshlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 6-10-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga rejalashtirilgan tashrif davomida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya bugun, 8-yanvar kuni Xitoyning nufuzli “China Southern Power Grid International Co Ltd” (CSGI) kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi qadamlar bo‘yicha Guanchjou shahrida “CSGI” Shtab-kvartirasiga (Bosh qarorgohiga) tashrif buyurdi.

China Southern Power Grid Company Limited (CSGI – Xitoy janubiy elektr tarmoqlari), Janubiy Xitoyda faoliyat yurituvchi Xitoy davlat energetika kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya faoliyati elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashga ixtisoslashgan. Kompaniya 2002-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda mamlakatning eng yirik kompaniyalari qatoridan joy olgan.

Mazkur kompaniya Xitoyning yirik davlat korxonasi bo‘lib, 2023-2024-yillarda 1,35 GVt.soat elektr energiyasini sotish orqali 842,6 mlrd yuuan (118,8 mlrd doll.) operatsion daromad olgan. Kompaniya dunyoning eng top 500 yirik kompaniyalari ro‘yxatida 78-o‘rinni egallaydi.

Mazkur uchrashuv davomida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov va “CSGI” kompaniyasi Boshqaruv raisi Chen Shengran o‘rtasida hamkorlikda olib borilayotgan yuqori darajadagi aloqalar va bajarilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama etildi. Xususan, “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskem daryosida Yuqori Pskem GTES qurilishi” va “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Xo‘jakent GTES qurilishi” investitsiya loyihalarini hamkorlikda rivojlantirishga qaratilgan ishlar tahlil qilindi.

Bu borada, Yuqori Pskem GTES loyihasining loyihaoldi hujjati deyarli tayyorligini va ushbu investitsiya loyihasi milliy elektr energiya tizimi uchun yuqori ahamiyatga egaligini inobatga olib, joriy yilning mart oyidan boshlab faol qurilish ishlarini boshlashga kelishib olindi.

Shu bilan birga, mazkur investitsiya loyihasi Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor qurilayotganligi nuqtai nazaridan – ushbu voqelikni tarixga muhrlash maqsadida, 2025-yil 10-mart kuni “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskem daryosida Yuqori Pskem GTES qurilishi”ga rasmiy start berilishiga bag‘ishlangan marosim tashkil etilishi va ushbu tadbir oliy darajada o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Uchrashuv davomida “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Xo‘jakent GTES qurilishi” loyihasi doirasida JDA (loyihani o‘zaro amalga oshirish kelishuvi) hujjati tantanali ravishda imzolandi.

Ushbu investitsiya loyihasi yuqoridagi loyiha bilan o‘xshashligini inobatga olib, qurilish ishlarini shu yilning o‘zida boshlash rejalashtirilmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlar natijasida kelgusida Respublikamiz uchun keng ko‘lamli invetitsiyalar jalb etilib, yangi yuqori quvvatdagi gidroenergetika loyihalari barpo etilib, jadallik bilan o‘sib borayotgan xalqimiz va shiddat bilan rivojlanayotgan sanoatimiz ekologik toza elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling