“O‘zbekgidroenergo” AJ: zamonaviy andozalarga mos Vaziyatlar markazi faoliyatiga doir
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimizda sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda avtomatlashti-rish imkoniyatlari yuzaga keldi.
Bugungi kunda, GESlar va suv omborlari va ulardagi gidrotexnika inshootlarini xavfsiz va barqaror ishlashini taʼminlashda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, nazorat-o‘lchov qurilmalaridan olinayotgan maʼlumotlarni inson omilisiz avtomatik diagnostika va onlayn monitoring qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, “O‘zbekgidroenergo” AJ ham, o‘z navbatida, O‘zbekistonda ilk marotaba gidrotexnika inshootlarini raqamlashtirish maqsadida sohadagi ilg‘or AQSH, Kanada, Angliya, Shveysariya, Italiya, Slovakiya va Xitoy davlatlarining nufuzli kompaniyalari ijobiy tajribasini o‘rganib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida texnik va tashkiliy uzilishlarni bartaraf etish hamda axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish yo‘li bilan gidroenergetikada gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ishlashini taʼminlashga qaratilgan axborot tizimlarining yagona majmuasi hisoblangan – “Vaziyatlar markazi”ni ishga tushirdi.
Markaz joylardagi tizimlarning uzluksiz ishlashini taʼminlab, Jamiyat tasarrufidagi jami 6 ta suv ombori hamda 80 tadan ziyod katta va kichik GESlarni real vaqt rejimida mukammal kuzatish va tahlil qilish imkoniyatini yaratdi.
Shuningdek, chuqur o‘rganishlar asosida Jamiyat tasarrufidagi suv omborlarini xavfsiz ishlashini taʼminlab borish maqsadida barcha turdagi nazorat-o‘lchov qurilmalariga zamonaviy datchiklar o‘rnatilib, maʼlumotlarni onlayn tarzda yuqori aniqlikda uzatish, suv omborlari xavfsizlik holatini doimiy monitoring qilish hamda hodisalarni elektron tarzda avtomatik qayd etishga erishildi. Bunda, Italiyaning nufuzli “SISGEO” kompaniyasining jami 1 500 ga yaqin zamonaviy va yuqori aniqlikdagi qurilma va jihozlari (datchiklar) obyektlarga o‘rnatildi.
Bu orqali olinayotgan axborotlarning ishonchliligi va tezkorligi oshib, suv omborlaridagi gidrotexnika inshootlari uchun ishlab chiqilgan miqdor va sifat tashxis ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq xavfsizlik mezonlarini inson omilisiz onlayn tarzda nazorat qilish, baholash, ularni operativ tahlil qilish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yaratildi.
Bu orqali olinayotgan axborotlarning ishonchliligi va tezkorligi oshib, suv omborlaridagi gidrotexnika inshootlari texnik holatini va xavfli jarayonlarni oldindan baholash, inson omilisiz onlayn nazorat qilish, ularni operativ tahlil qilish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yuzaga keldi.
Yana bir muhim jihat, amalga oshirilgan barcha raqamlashtirish va avtomatlashtirish chora-tadbirlari asnosida, respublikamizda birinchi marotaba mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda, suv omborlari uchun “Xavfsizlik mezonlari” ishlab chiqildi. Bunda, suv omborini xavfsiz ishlatish bo‘yicha mezoniy ko‘rsatkichlar belgilandi. Bugungi kunda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvidagi suv omborlarida to‘liq avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.
Bundan tashqari, Germaniyaning “Yer tadqiqotlari markazi”ning “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi tomonidan hududda suv zaxiralarini aniqlash, uzluksiz kosmik kuzatuvlarga asoslangan suv zaxirasini monitoring qilish “MODSNOW” dasturi tizimda joriy etildi. Bu bilan dasturiy taʼminotda sunʼiy yo‘ldoshdan olingan foto- va video-suratlar yordamida matematik hisoblarni amalga oshirish orqali qor zaxirasini katta aniqlik bilan hisoblash imkoni yaratildi.
Ushbu Markaz faoliyati tizimdagi GESlar hamda suv omborlari joriy faoliyatini to‘liq qamrab olgan raqamlashtirish jarayonini o‘z ichiga olib, elektr energiya ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli taʼminlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GESlar va suv omborlarida o‘rnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilg‘or asbob-uskunalar va nazorat-o‘lchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, Jamiyatning Raqamli transformatsiyasi dasturi doirasida markazdagi maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlash, xavfsiz aloqa tizimini joriy etish, turli zararli dasturlardan himoya qilish bo‘yicha korporativ tarmoq joriy etildi.
Jamiyat maʼmuriy binosida maʼlumotlarni qayta ishlovchi markaz faoliyati (SOD) yo‘lga qo‘yildi.
Tizimdagi barcha GES va suv omborlarida markazlashgan IP-telefoniya tizimi foydalanishga topshirildi.
Zamon talabidan kelib chiqib, tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimlari barpo etildi. Barcha tizim korxonalarida 1 000 dan ortiq yangi avlod kameralari bilan jihozlanib, Vaziyatlar markaziga maʼlumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn uzatib borilishi taʼminlandi.
Qolaversa, biron-bir axborot tizimida nosozlik, texnik uzilish yuzaga kelsa, uni Markaz orqali tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish mumkin bo‘ladi.
Eng avvalo, “Vaziyatlar markazi”ning tashkil etilishi natijasida gidroenergetika sohasidagi barcha axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Albatta, axborot tizimi va dasturiy taʼminot joriy etildimi, uning xavfsizligi taʼminlanishi zarur. Buning uchun Jamiyat tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda kiberxavflarni aniqlash va ularga tezkor choralar ko‘rish, maʼlumotlar maxfiyligi va xavfsizligini taʼminlash, uchinchi shaxslar ulardan g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanishining oldini olish bo‘yicha qatʼiy choralar ko‘rildi.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati erishilgan natijalar bilan kifoyalanmasdan, kelgusida sohani raqamlashtirish borasida ko‘plab islohotlarni amalga oshirilishini o‘zi uchun belgilab olgan. Yangi "Vaziyatlar markazi" esa, bu borada o‘ziga xos mustahkam poydevor vazifasini o‘tashi, shubhasiz.