Valyuta kurslari 07/07/2025
$1 – 12606.73
UZS – 0,39%
€1 – 14849.47
UZS – 0,27%
₽1 – 159.86
UZS – 0,26%
Qidirish
Iqtisod 07/07/2025 “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta mikro GES ishga tushirildi

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta mikro GES ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi "Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-129-son Qarori asosida “O‘zbekgidroenergo” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta mikro GES ishga tushirildi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Respublikamiz hududlari bo‘ylab tizimli ravishda, tasdiqlangan rejaga binoan mikro GESlarni qurish hamda foydalanishga topshirish jarayonlari davom ettirilmoqda.

Eʼtiborga molik jihati, bu borada, mahalliylashtirish doirasida Jamiyat tasarrufidagi “UzHydroPower” zavodida gidroinshootlar uchun zaruriy agregatlar hamda asbob-uskunalar ishlab chiqarilmoqda.

Xususan, Nukus tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida 2 ta mikro GES qurilib, foydalanishga topshirildi.

Tumandagi “Aqterek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Bo‘zatov kanali oqimidan foydalangan holda quvvati 15 kVt bo‘lgan mikro GES barpo qilindi. Ushbu mikro GES mahalla aholisi ehtiyoji uchun yiliga 85 ming kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Yana bir mikro GES – “Kerder” ovul fuqarolar yig‘iniga qarashli "Qizil uy" ovulidagi To‘rtko‘l kanalining suv resurslari negizida 2 ta mikro GES (umumiy quvvati 30 kVt.soat) ishga tushirildi. Bunda umumiy o‘rtacha yillik elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 175 ming kVt.soatga teng.

O‘ziga xos ishga tushirish tadbirlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F. Ermanov, Nukus tumani hokimi Z. Zaytov, “O‘zbekgidroenergo” AJ bosh boshqarmasi boshlig‘i A. Zokirov, masʼul-rahbarlar hamda mutaxassislar ishtirok etdilar.

Shu bilan birga, Xo‘jayli tumani “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘inidan oqib o‘tuvchi Suyenli kanali suv tashlash inshooti bo‘yida qurilgan 2 ta mikro GESning har birining quvvati 50 kVt ga teng bo‘lib, loyihaga ko‘ra, yiliga o‘rtacha 580 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Alohida taʼkidlash joizki, ushbu yo‘nalishdagi keng ko‘lamli ishlar mahalliy tadbirkorlar uchun namunaviy andoza shaklida bajarilmoqda. Sohaga qiziqish bildirgan tadbirkorlar davlat-xususiy sherikligi asosida o‘rnatilgan tartibda yangi mikro GESlar qurilishiga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin.

Endilikda, Nukus tumanida 3 ta, Xo‘jayli tumanida 2 ta mikro GES mahalliy aholi uchun elektr energiya ishlab chiqara boshlaydi.

Aytish joizki, ushbu mikro GESlar tumanlardagi mahallalarga biriktirib berildi hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan tushgan mablag‘lar mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun yo‘naltirilishi belgilandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling