Ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun javobgarlik belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun javobgarlik joriy etildi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining 244-moddasiga ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonunga ko‘ra, shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va ko‘nikmalarini egallashi, o‘quv chog‘ida qurol-yarog‘, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganishi -
BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u o‘quvdan o‘tganligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.