Olmaliq KMK reniy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda kamyob metall — reniyning sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) matbuot xizmati xabar berdi.
OKMK olim va mutaxassislarining ko‘p yillik ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida, 2021 yilda 99,9% tozalikdagi reniyni olish texnologiyasi yaratilgan. Bu yuqori ko‘rsatkich ammoniy perrenatni vodorod yordamida tiklash usuli orqali qo‘lga kiritilgan.
2025 yil uchun tasdiqlangan biznes-rejaga muvofiq, mazkur metallning sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi boshlab yuborildi. Hozirda O‘zbek texnologik metallar kombinati hududida zamonaviy Germaniyada ishlab chiqarilgan uskunalar bilan jihozlangan maxsus sex tashkil etilgan.
Reniy ishlab chiqarish uchun xomashyo mis eritish zavodi hamda mahalliy sanoat korxonalaridan yetkazib beriladi. Kombinat maʼlumotlariga ko‘ra, yillik ishlab chiqarish hajmi 3 tonnani tashkil etadi.
Reniy — Mendeleyevning davriy jadvalidagi 75-element bo‘lib, dunyodagi eng zich va qattiq metallardan biri hisoblanadi. U neftni qayta ishlashda katalizator sifatida, aviaqurilish va elektrotexnikada aniqlik talab etiladigan detallar ishlab chiqarishda, yadro sanoatida termoparalar tayyorlashda, tibbiyot va yuvelirlik sohalarida keng qo‘llaniladi.
Jahon bozorida reniyga talab yuqori bo‘lib, 1 kilogramm narxi o‘rtacha 2000 AQSH dollarini tashkil qiladi.
Ushbu loyiha ilmiy salohiyat va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda yurtimizda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.