Oliy Majlisning Turkmaniston Mejlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi aʼzolari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi\
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 23-iyul kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkmaniston Mejlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhining onlayn uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga, o‘zaro yaqin savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikka asoslanganligi hamda do‘stona hurmat va ishonch tamoyillari asosida rivojlanayotgani taʼkidlandi.
Binobarin, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha ikki davlatning nuqtai nazari hamda pozitsiyalari bir-biriga mos va o‘xshashdir.
Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi qardosh mamlakatlarning munosabatlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yil 3–5 aprel kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv muhim tarixiy voqeaga aylangani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, davlatlararo munosabatlarda parlament diplomatiyasining o‘rni tobora ortib borayotganini inobatga olgan holda, ana shunday muloqot o‘zaro ishonch va hamkorlikni yana-da mustahkamlaydi.
Parlamentlararo muloqotni yana-da faollashtirish, ikki mamlakat parlamentlari aʼzolari o‘rtasida doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokamaning markazida bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston parlamentlari do‘stlik guruhlari faoliyatining samaradorligini oshirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan birgalikda parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida kelgusi ikki tomonlama uchrashuvlar va tadbirlarga oid “yo‘l xaritasi”ni shakllantirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha kelishuvga erishildi.