Oliy Majlis delegatsiyasi Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitalari raislari yig‘ilishida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-fevral kuni Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitalari raislarining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya, Shimoliy Kipr parlamentlari aʼzolari, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi raisi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (Turksoy) va Turkiy investitsiya jamg‘armasi vakillari ham qatnashdi.
Yig‘ilishda turkiy davlatlar o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni ildam rivojlantirishga, strategik sheriklikni mustahkamlash va parlamentlar o‘rtasida ishonchli munosabatlar o‘rnatishga eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari taʼkidlaganidek, turkiy davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va pragmatik munosabatlar ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan xalqaro tashabbuslarda parlament ishtirokining ahamiyati ham qayd etildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda hamkorlikni yaxshilash, turkiy davlatlar o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar va kelishuvlarning parlament nazorati orqali ro‘yobga chiqarilishini taʼminlash muhimligiga eʼtibor qaratildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarni va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Tadbir yakunida Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitalari raislari qo‘shma bayonoti qabul qilindi hamda Turkiy davlatlar Parlament assambleyasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitalari raislarining kelgusi uchrashuvini Qirg‘izistonning Bishkek shahrida 2025-yil sentabr oyida o‘tkazishga kelishib olindi.