Valyuta kurslari 02/07/2025
$1 – 12676.11
UZS – -0,15%
€1 – 14975.56
UZS – 0,65%
₽1 – 161.56
UZS – -0,02%
Qidirish
Texnologiyalar 01/07/2025 Olimpiya harakatini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi

Olimpiya harakatini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumki, 2024-yilda Parijda o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yo‘nalishda 13-o‘rinni egallagan edi. Joriy yil 13-fevralda bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rish vazifasi qo‘yilgandi. Shunga muvofiq, 2028-yilda AQSHning Los-Andjeles shahrida bo‘ladigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror bilan 10 ta ustuvor vazifa belgilanmoqda. Bular – sport turlarini ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga ajratgan holda kuchaytirish, natijador sport turlari geografiyasini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni quyi bo‘g‘indan boshlab shaffof usulda saralab olish, xorijiy mamlakatlar tajribasiga asoslangan milliy metodika yaratish, terma jamoalar uchun aniq maqsad va natijadorlikka yo‘naltirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash kabilardir.

Shuningdek, O‘zbekiston sportchilarini 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash dasturi va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanmoqda.

Bu sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining 14 ta hududiy bo‘limi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili bo‘ladi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan mas’ullar biriktiriladi.

Asosiy maqsad faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir. Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yiladi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.

Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. Uning ta’minoti 2026-yildan boshlab respublika byudjetiga o‘tkaziladi. Markaz 8-11-sinflar uchun maktab, 1-2-kurslar uchun kollej sifatida faoliyat ko‘rsatadi hamda qabul kvotasi oshiriladi. 1-2-kurs o‘quvchilariga Sport vazirligi stipendiyasi beriladi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga beg‘araz asosda biriktiriladi.

Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki ta’minlanadi. Yuqori natija ko‘rsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

Sportchi va murabbiylar uchun ko‘plab rag‘batlar ham nazarda tutilmoqda. Jumladan, nufuzli musobaqalar g‘olib va sovrindorlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi. Mahoratli sportchilarni boshlang‘ich bo‘g‘inda yetishtirgan murabbiylar uchun ham ustamaning muayyan qismi to‘lab boriladi.

Davlatimiz rahbari sport federatsiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, hududlarda soha infratuzilmasini yaxshilash, sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling