Valyuta kurslari 26/12/2024
$1 – 12928.27
UZS – 0,14%
€1 – 13462.21
UZS – 0,35%
₽1 – 129.66
UZS – 0,44%
Qidirish
O‘zbekiston 25/12/2024 Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlar huquqiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlar huquqiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Oila kodeksining 41-moddasiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan er yoki xotinning talabiga ko‘ra, sud tomonidan ishni ko‘rishda yarashish uchun muhlat tayinlanmasdan qaror chiqarilishi ko‘zda tutilgan norma taklif etilmoqda.

Shuningdek, Uy-joy kodeksiga sud turar joyga majburiy tartibda kiritish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqishda, qarzdor (mulk egasi bo‘lgan er yoki xotin)ning tashabbusiga asosan ushbu turar joyni munosib sharoitga ega bo‘lgan boshqa turar joyga almashtirishi yoki taraflarning kelishuviga asosan ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini qarzdorga yuklash bo‘yicha norma kiritilyapti.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi bo‘yicha ayrim mulohazali masalalar ko‘tarildi, munozarali savollar o‘rtaga tashlandi. Xususan, deputat Dilnoza Azizova qonun loyihasining dolzarbligini ta’kidlab, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha dinamika yuritilganmi, umuman, bu boradagi raqamlar kamayyaptimi yoki aksincha ko‘payganmi? degan savolni o‘rtaga tashladi.

Qonun tashabbuskorlari tomonidan bu bo‘yicha aniq ma’lumotlar keltirib o‘tildi.

Qonun loyihasi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jabrlanuvchilarning huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, oilaviy munosabatlar ishtirokchilarining o‘z huquqlarini himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan, xotin-qizlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish hamda oila va xotin-qizlar boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling