Obod mahallada bayram shukuhi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Bektemir tumaniga tashrifi chog‘ida Iykota mahallasida bo‘lib, qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerdagi 37 ta ko‘p qavatli uy va 1 ming 400 ta hovlida 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mamlakatimizda mahallabay amalga oshirilayotgan manzilli ishlar Iykotada ham o‘z natijasini bermoqda. Yangi ko‘p qavatli uylar qurilgan. Yo‘laklar va ichki ko‘chalar ta’mirlangan. Maydonchalarga gul va maysalar ekilgan.
O‘tgan yili uch qavatli mahalla idorasi foydalanishga topshirilgan edi. Endi davlat byudjeti hisobidan 358-umumta’lim maktabi qurildi. Prezidentimiz ushbu yangi muassasani ko‘zdan kechirdi.
Ta’lim tizimiga bo‘layotgan e’tiborning yorqin ifodasini bu yerda ham ko‘rish mumkin. Qariyb ming o‘rinli maktabda fan xonalari, kompyuter va xorijiy til xonalari, robototexnika to‘garagi, laboratoriya zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Kutubxona, sport zali, futbol maydoni va oshxona bolalar uchun keng qulayliklar yaratilgan.
Pedagoglar bilan muloqot chog‘ida bolalarning qobiliyatini to‘g‘ri shakllantirish, kasbiy ta’limni rivojlantirib, bitiruvchilarni kasb-hunarli qilib hayotga yo‘llash muhimligi ta’kidlandi. Xususan, axborot texnologiyalari, robototexnika, muhandislik kabi yo‘nalishlarni kengaytirish, o‘smirlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini kuchaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Mahalladagi yangi uylarning birinchi qavatlarida ikkita xususiy bog‘cha tashkil etilgan. Ular Navro‘z arafasida ochilgani ota-onalar uchun bayramona tuhfa bo‘ldi.
Ichki imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash tamoyili bu mahallada ham namoyon. 70 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 2 ta ishlab chiqarish korxonasida ko‘pchilik ro‘zg‘or tebratayapti. Prezidentimiz farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish qizg‘in davom etmoqda.