Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Misrning eng yirik "ACDIMA" farmatsevtika kompaniyasi rahbari Ulfat Gorab o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot O'zbekiston va Misr o'rtasida farmatsevtika sohasida hamkorlikni yana-da faollashtirish, joriy dekabr oyida Toshkentda bo'lib o'tadigan Hukumatlararo qo'shma komissiyaning navbatdagi yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rish doirasida o'tkazildi.
Kompaniya rahbari joriy yil 22-24-dekabr Hukumatlararo qo'shma komissiya yig'ilishi o'tkazilishi munosabati bilan O'zbekistonga safari rejalashtirilganini bildirdi. Shundan kelib chiqib, Ulfat Gorab O'zbekistonga safari mazmunli va samarali o'tishidan umidi katta ekanligi va aniq natijalarga erishishdan manfaatdorligini ta'kidladi.
"ACDIMA" rahbari kompaniyaning O'zbekistondagi faoliyat strategiyasi haqida gapirar ekan, sohaga zamonaviy texnologiyalar kiritish va mamlakatimizda farmatsevtika mahsulotlarini hamkorlikda ishlab chiqarish va katta bozorga ega mintaqada eksport yo'lga qo'yish belgilab olganligini bildirdi.
Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ushbu tarmoq rivojiga o'z hissasini qo'shish istagida bo'lgan xorijiy investorlar uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yaratilganligi ta'kidladi. Jumladan, "ACDIMA" kompaniyasi rahbarining O'zbekistonga bo'lajak safari davomida xorij delegatsiyasining "Tashkent Pharma Park" innovatsion tadqiqot va ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyati bilan tanishtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan maqsadli uchrashuvlar uyushtirish, yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalarga tashriflar tashkil etish mumkinligi ma'lum qilindi.
Tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish va mavjud masalalar bo'yicha fikr almashish uchun ishchi guruh a'zolarini tasdiqladilar.