Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 20-yanvar kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasining “SME Corporation Malaysia” agentligiga tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori, i.f.d. Umid Obidxo‘jayev "SME Corporation Malaysia" Bosh direktori Rizal Dato Nayini bilan uchrashdi.
"SME Corporation Malaysia" (SME Corp. Malayziya) Malayziya Tadbirkorlik va kooperativlarni rivojlantirish vazirligi huzurida asosiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyat yuritadi.
Agentlikning asosiy vazifasi Malayziyada soni 1,1 mln. ga teng bo‘lgan kichik va o‘rtacha korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish milliy dasturlarini amalga oshirishdan iborat.
Agentlik ushbu dasturlarni muvofiqlashtirish, monitoring qilish va samaradorligini baholashni ham amalga oshiradi.
SME Corp. Malayziya mamlakat ichida ham, xalqaro maydonda ham kichik va o‘rtacha korxonalarni rivojlantirishga intilib, xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etmoqda.
Agentlik o‘z faoliyati doirasida treninglar va texnik hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha turli dasturlar tashabbusi bilan chiqadi.
Agentlik tomonidan avtomatlashtirish va raqamlashtirish natijasida unumdorlikni oshirish orqali ishchi kuchi yetishmovchiligi muammosini hal qilishga qaratilgan moliyalashtirish dasturlari, shuningdek, Texnik va kasb-hunar ta’limi va treninglar (TVET) tizimlari orqali kasbiy tayyorgarlik dasturlari taqdim etildi.
Uchrashuvda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, shu jumladan tegishli vazirlik va idoralar tomonidan sohaga oid dasturlarni amalga oshirishda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Gig-iqtisodiyoti kabi kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va raqamli transformatsiyaning zamonaviy talablariga moslashish uchun moslashuvchan biznes modellarining ahamiyati alohida ta’kidlanib o‘tdi.
Tomonlar kichik va o‘rta biznesning raqobatbardoshligini oshirish sohasida tayyorgarlik ko‘rish va tajriba almashish bo‘yicha qo‘shma dasturlar istiqbolini muhokama qildi.
ESG Quick Guide, SME Competitiveness Rating for Enhancement (SCORE) reyting tizimi kabi vositalarni O‘zbekiston kontekstida qo‘llash, shuningdek, mahalliy va xalqaro bozor ehtiyojlarini qondirish uchun qo‘shma treninglarni tashkil etishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, tajriba almashish uchun qo‘shma ta’lim dasturlari va vebinarlarni tashkil etish belgilab olindi.