Oʻzbekiston-Polsha: oliy taʼlim va ilm-fan sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlari
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Polsha Respublikasi Fan va oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Andjey Sheptiskiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot avvalida Andjey Sheptiskiy Polsha tomoni Oʻzbekistonni strategik hamkorlardan biri sifatida koʻrishini alohida taʼkidlab oʻtdi. Unga koʻra, hozirda Polshada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni 2000 nafardan oshib, ular mamlakatning koʻp madaniyatli taʼlim muhitida muhim oʻrin egallamoqda.
Tomonlar Stefan Banax, Ulam va Anders stipendiya dasturlari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, Varshava universitetida oʻzbek tili kafedrasini ochish, shuningdek, Oʻzbekistonda polyak tilini ommalashtirish maqsadida professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun NAWA dasturi doirasida malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokara davomida 2026-yilda tibbiyot va texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari kongressini, shuningdek, navbatdagi Oʻzbek-Polsha rektorlar forumini oʻtkazish hamda 2025–2028-yillarga moʻljallangan taʼlim va fan sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi dasturni imzolash imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin uch yilga moʻljallangan taʼlim va fan sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi dasturni ishlab chiqishga kelishib oldilar.